Saida Mirziyoyeva: Milliy muzey Markaziy Osiyodagi eng yirik madaniy loyihalardan biriga aylanishi shubhasiz
Sentabr 12, 2026. 14:30 • 2 daq
• 28TOSHKENT, 12-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva 11-sentabr kuni davlatimiz rahbarining Toshkent shahridagi Milliy muzey yangi binosining qurilish maydoniga tashrifi hamda uning meʼmoriy konsepsiyasi muallifi – dunyoga mashhur 84 yoshli yapon arxitektori Tadao Ando xususida mulohaza bildirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida barpo etilayotgan yangi O‘zbekiston Milliy muzeyi qurilish jarayoni bilan tanishdi, – deb yozdi kecha O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘zining telegram-kanalida. – Muzeyning meʼmoriy konsepsiyasi jahonning eng mashhur arxitektorlaridan biri, nufuzli Pritsker mukofoti sohibi Tadao Ando tomonidan ishlab chiqilgan.
Uning loyihasi bo‘yicha bunyod etilgan muzey va madaniy maskanlar Yaponiya, Yevropa hamda AQSHda yuksak qadrlanadi. Tadao Andoning meʼmoriy uslubi chizgilarining soddaligi va aniqligi, makon va yorug‘lik uyg‘unligiga o‘ziga xos yondashuvi bilan dunyoga tanilgan.
Milliy muzey Markaziy Osiyodagi eng yirik madaniy loyihalardan biriga aylanishi shubhasiz. Bu dargohda ko‘rgazma zallari, kutubxona, restavratsiya laboratoriyalari va taʼlim maydonlari o‘rin oladi.
Mamlakatimizdagi ana shunday tarixiy ahamiyatga molik loyihalar ustida dunyo miqyosidagi meʼmorlar ishlashi biz uchun juda muhim. Ular barpo etgan obyektlar uzoq yillar davomida xalqimizga xizmat qiladi, tariximiz va madaniy merosimizning ajralmas qismiga aylanadi”.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi






