Sietlda 400 nafardan ortiq vatandosh ishtirokida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi nishonlandi
Sentabr 14, 2026. 15:30 • 2 daq
• 119SIETL, 14-sentabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz Bosh konsulxonasi hamda “Sietl–Toshkent” birodarlashgan shaharlar assotsiatsiyasi hamkorligida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tantanali uchrashuvda Vashington shtati va AQShning Tinch okeani shimoli-g‘arbiy qismidagi boshqa hududlarda istiqomat qiluvchi 400 nafardan ortiq vatandoshimiz hamda Markaziy Osiyo diasporalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirning tantanali qismi O‘zbekiston xalq artisti Jenisbek Piyazov va “Xalqlar do‘stligi” ansambli ijrosidagi mamlakatimiz davlat madhiyasi bilan boshlandi.
Uchrashuv davomida bayramning tarixiy ahamiyati, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida alohida to‘xtalib o‘tildi.
Vatandoshlarimiz Sietlda Bosh konsulxona faoliyati yo‘lga qo‘yilganini mamnuniyat bilan qarshi olib, bu voqeani mamlakat rahbariyatining xorijdagi fuqarolarga g‘amxo‘rligining amaliy ifodasi deya atadi.
Diaspora vakillari yangi diplomatik vakolatxona milliy madaniyatni asrab-avaylash hamda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi insonparvarlik aloqalarini rivojlantirishda muhim tayanch bo‘lishini qayd etdi.
Ishtirokchilar madaniy-maʼrifiy tadbirlarni muntazam o‘tkazish va ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga faol hissa qo‘shishga tayyor ekanini bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




