Mozori Sharifda O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi nishonlandi
Sentabr 13, 2026. 14:04 • 2 daq
• 64MOZORI SHARIF, 13-sentabr. /“Dunyo” AA/. Mozori Sharif shahrida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston Bosh konsulxonasi tashabbusi bilan tashkil etilgan marosimda Balx viloyati maʼmuriyati, Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya, Pokiston, Eron diplomatik vakolatxonalari, BMTning Afg‘onistonga yordam ko‘rsatish missiyasi idorasi, Savdo-sarmoya palatasi, mahalliy o‘zbek diasporasi vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar O‘zbekistonning mustaqillik yillaridagi yutuqlari, amalga oshirilayotgan islohotlar, iqtisodiy taraqqiyot, xalqaro aloqalarning kengayayotgani va qo‘shni mamlakatlar bilan munosabatlar mustahkamlanayotgani haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
O‘zbekiston–Afg‘oniston hamkorligini rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. 2025-yilga borib o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 1,6 milliard dollardan oshirish, keyinchalik bu ko‘rsatkichni 5 milliard dollarga yetkazish ustida ish olib borilayotgani taʼkidlandi.
Balx viloyati maʼmuriyati vakili viloyat hokimining tabrik maktubini o‘qib eshittirdi. Unda O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar hamda ikki xalqning umumiy madaniy-tarixiy merosi alohida qayd etilgan.
Afg‘onistonlik tadbirkor, mahalliy o‘zbek ziyolilari vakili Abdulqodir Hamidiy o‘zbek xalqini mustaqillik yubileyi bilan tabriklab, Afg‘onistonga ko‘rsatilayotgan gumanitar yordam uchun minnatdorlik bildirdi.
Tadbir so‘ngida ishtirokchilar bir-birlarini qutlab, ezgu tilaklar bildirdi. Marosim mahalliy “Arezu” va “Shamshad” telekanallari tomonidan keng yoritildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

