Zahid Rafiq: O‘zbekiston Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi yetakchi iqtisodiy va investitsiya markazlaridan biriga aylanmoqda

Iyul 24, 2026. 08:10 • 7 daq

127
Zahid Rafiq: O‘zbekiston Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi yetakchi iqtisodiy va investitsiya markazlaridan biriga aylanmoqda

ISLOMOBOD, 24-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida Pokistonning yirik sanoat va investitsiya kompaniyalaridan biri – “HRL Group” boshqaruvi raisi Zahid Rafiq “Dunyo” AA muxbiriga eksklyuziv intervyu berdi.

– Joriy yil Yangi O‘zbekistonda keng ko‘lamli islohotlar boshlanganining 10 yilligi nishonlanmoqda. Siz ushbu o‘n yillik yangilangan jarayon natijalarini qanday baholaysiz va mamlakatda amalga oshirilgan eng muhim o‘zgarishlar sifatida nimalarni aytasiz?

– So‘nggi o‘n yil davomida Yangi O‘zbekiston xalqaro biznes hamjamiyati eʼtiborini tortgan ulkan va taʼsirchan o‘zgarishlarni amalga oshirdi. Islohotlar iqtisodiyotni modernizatsiya qildi, davlat institutlarini mustahkamladi, investitsiya muhitini yanada yaxshiladi, mahalliy va xorijiy investorlar uchun ochiqlik va shaffoflikni taʼminladi.

Bu jarayon O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirib, uni Markaziy Osiyoning eng jadal rivojlanayotgan va istiqbolli iqtisodiyotlaridan biriga aylantirdi. Mamlakatning iqtisodiy liberallashuv, infratuzilmani rivojlantirish va xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan siyosati barqaror taraqqiyot uchun mustahkam poydevor yaratdi.

Kompaniya rahbari sifatida men uchun eng muhim yutuq – O‘zbekistonning iqtisodiy islohotlarni mintaqaviy hamkorlik va xalqaro integratsiyaga qaratilgan uzoqni ko‘zlovchi siyosat bilan uyg‘unlashtira olganidir.

Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, innovatsiyalarni rag‘batlantirish va tashqi savdoni kengaytirishga qaratilgan siyosat Pokiston va boshqa davlatlar kompaniyalari uchun yangi imkoniyatlarni ochdi.

Ishonamanki, so‘nggi o‘n yildagi yutuqlar faqat boshlanishidir. O‘zbekiston Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi yetakchi iqtisodiy va investitsiya markazlaridan biriga aylanadi.

– Ushbu vaqt mobaynida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi hamkorlik sezilarli darajada kuchaydi. Ushbu sheriklikning qaysi natijalarini eng muvaffaqiyatli deb hisoblaysiz va kelgusida qaysi qo‘shma loyihalar yoki hamkorlik yo‘nalishlari ustuvor bo‘lishi lozim?

– O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar kuchli siyosiy iroda va mintaqaning farovonligiga qaratilgan umumiy yondashuv asosida sezilarli darajada mustahkamlandi. Savdo, investitsiyalar, infratuzilma, logistika hamda biznes subyektlari o‘rtasidagi hamkorlik jadal rivojlandi.

O‘zbekistonda investitsiya muhitining yaxshilanishi “HRL Group” kabi kompaniyalarni yangi imkoniyatlarni izlashga undadi. Yuqori darajadagi muntazam muloqotlar va biznes forumlar investorlar ishonchini yanada mustahkamladi.

Fikrimcha, kelgusida infratuzilmani rivojlantirish, sanoat loyihalari, kon-metallurgiya sanoati, energetika, qishloq xo‘jaligi, qurilish va logistika sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish ustuvor vazifalardan bo‘lishi kerak.

Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi samarali transport yo‘laklarini rivojlantirish ikki mamlakat uchun ulkan iqtisodiy imkoniyatlarni ochadi. Qo‘shma korxonalar tashkil etish, texnologiyalar transferi va xususiy sektorlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada kuchaytirish muhim ahamiyatga ega. Men O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar istiqboli juda porloq ekaniga ishonaman.

– Islohotlarning asosiy maqsadlaridan biri ochiq, investitsiyalar uchun jozibador va xalqaro iqtisodiy tizimga chuqur integratsiyalashgan iqtisodiyotni shakllantirish edi. Sizningcha, ushbu o‘zgarishlar xalqaro hamjamiyat, investorlar va rivojlanish bo‘yicha hamkorlar ishonchini qay darajada mustahkamladi?

– Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida so‘nggi o‘n yilda amalga oshirilgan islohotlar O‘zbekistonning xalqaro biznes hamjamiyati oldidagi nufuzini sezilarli darajada oshirdi. Yangi O‘zbekiston yanada ochiq, shaffof va xorijiy investorlar uchun jozibador davlatga aylandi. Biznes yuritish tartib-taomillarini soddalashtirish, qonunchilikni takomillashtirish va xususiy investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar xalqaro kompaniyalar va rivojlanish bo‘yicha hamkorlar ishonchini kuchaytirdi. Bugungi kunda ko‘plab investorlar O‘zbekistonni Markaziy Osiyoning eng istiqbolli bozorlaridan biri sifatida baholamoqda.

Nazarimda, ushbu islohotlar mamlakatning uzoq muddatli iqtisodiy o‘sishi uchun mustahkam zamin yaratdi. Investorlar barqarorlikni, aniq siyosatni va doimiy takomillashuvga intiladigan davlatni qadrlaydi. O‘zbekiston ana shunday fazilatlarni namoyon etmoqda.

– Bugungi kunda O‘zbekiston barqaror rivojlanish, “yashil” iqtisodiyot, raqamli transformatsiya, ilm-fan, taʼlim va inson kapitali rivojlanishi sohalarida faol tashabbuslarni ilgari surmoqda. Kelgusi yillarda ushbu sohalarda hamkorlikni kengaytirish uchun qanday imkoniyatlarni ko‘rayapsiz?

– O‘zbekiston barqaror rivojlanish, raqamli transformatsiya, taʼlim va innovatsiyalar sohasida katta yutuqlarga erishdi. Bu yo‘nalishlar uzoq muddatli iqtisodiy o‘sishning asosiy omillaridir va hukumatning ularga qaratayotgan eʼtibori xalqaro aloqalar uchun yangi imkoniyatlarni yaratmoqda.

Men qayta tiklanuvchi energiya manbalari, “aqlli” infratuzilma, raqamli texnologiyalar, kasb-hunar taʼlimi va ilmiy tadqiqotlar sohalarida hamkorlik uchun katta salohiyatni ko‘raman. Bu sohalar ham O‘zbekiston, ham uning xalqaro sheriklari uchun manfaatli bo‘ladi.

Kelgusi yillarda Pokiston va O‘zbekiston bilim va tajriba almashish, zamonaviy texnologiyalarga investitsiya kiritish hamda yuqori malakali kadrlar tayyorlash orqali hamkorlikni yanada kengaytirishi mumkin.

“Yashil” energetika, raqamli yechimlar, taʼlim va sanoat innovatsiyalari sohasidagi qo‘shma loyihalar yangi ish o‘rinlari yaratish, mehnat unumdorligini oshirish va barqaror taraqqiyotni taʼminlashga xizmat qiladi.

O‘z navbatida, “HRL Group” bu kabi imkoniyatlarni o‘rganish va O‘zbekistonning zamonaviy, raqobatbardosh hamda bilimlarga asoslangan iqtisodiyot barpo etish maqsadlariga hissa qo‘shishdan manfaatdor.

– O‘zbekiston qator xalqaro va mintaqaviy tashabbuslarni ilgari surmoqda. Sizningcha, ulardan qaysilari Markaziy Osiyo va xalqaro hamjamiyat uchun uzoq muddatli ahamiyatga ega bo‘ladi?

– O‘zbekistonning eng muhim yutuqlaridan biri – bu Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik va o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashga bo‘lgan qatʼiy intilishidir. Qo‘shni davlatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirish, o‘zaro savdoni kengaytirish, mintaqaviy transport va investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash orqali mamlakat barqaror va iqtisodiy jihatdan o‘zaro bog‘langan mintaqani shakllantirishga katta hissa qo‘shdi. Bu saʼy-harakatlar nafaqat Markaziy Osiyo, balki Pokiston kabi davlatlar uchun ham savdo, investitsiyalar va biznes munosabatlarni kengaytirish imkoniyatini yaratmoqda.

Shuningdek, O‘zbekistonning barqaror rivojlanish, raqamli transformatsiya, taʼlim va ochiq iqtisodiyotga qaratilgan siyosati xalqaro miqyosda ham uzoq muddatli ahamiyat kasb etadi, deb hisoblayman. Bu tashabbuslar O‘zbekistonning raqobatbardoshligini oshirib, uni xalqaro investorlar uchun yanada jozibador qilmoqda hamda aholi farovonligini yuksaltirishga yangi imkoniyatlar yaratmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan so‘nggi o‘n yillikda ilgari surilgan qator xalqaro va mintaqaviy tashabbuslarning amaliy natijalari O‘zbekistonni Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi muhim ko‘prik hamda mintaqaviy va xalqaro hamkorlikning ishonchli sherigi sifatidagi o‘rnini yanada mustahkamladi, deb aytishga barcha asoslar mavjud.

– Ko‘plab xalqaro ekspertlar Yangi O‘zbekiston islohotlarini mintaqadagi eng muvaffaqiyatli keng ko‘lamli o‘zgarishlardan biri sifatida baholamoqda. Sizningcha, ushbu tajribaning qaysi jihatlari boshqa mamlakatlar uchun alohida qiziqish uyg‘otadi va dolzarb hisoblanadi?

– O‘zbekiston islohotlari tajribasining eng qimmatli jihatlaridan biri – mamlakatning ochiqlik siyosati va doimiy takomillashuvga sodiqligidir. Hukumat iqtisodiy liberallashuv, biznes muhitini yaxshilash, davlat institutlarini mustahkamlash va xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga qaratilgan saʼy-harakatlarni bosqichma-bosqich amalga oshirdi. Bu muvozanatli va amaliy yondashuv investorlar hamda xalqaro hamkorlar ishonchini mustahkamlash bilan birga barqarorlikni ham taʼminladi.

Yana bir muhim saboq – O‘zbekistonning mintaqaviy hamkorlik va uzoq muddatli taraqqiyotga ustuvor ahamiyat qaratayotganidir. Mamlakat infratuzilma, taʼlim, raqamli transformatsiya va inson kapitaliga sarmoya kiritish bilan birga, qo‘shni davlatlar bilan aloqalarni ham faol rivojlantirmoqda. Bu islohotlar barqaror o‘sish iqtisodiy taraqqiyotni mintaqaviy hamkorlik va inson kapitaliga investitsiyalar bilan uyg‘unlashtirish orqali taʼminlanishini ko‘rsatadi.

Ko‘plab rivojlanayotgan davlatlar, xususan, Pokiston ham O‘zbekiston tajribasidan o‘rnak olib, uni o‘z milliy taraqqiyot strategiyalariga moslashtirishi mumkin.

– Kelgusi o‘n yillikka nazar tashlasak, O‘zbekistonning barqaror rivojlanishini taʼminlash va uning jahon iqtisodiyoti hamda xalqaro munosabatlardagi o‘rnini yanada mustahkamlash uchun qaysi islohot yo‘nalishlari hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi, deb hisoblaysiz?

– Kelgusi o‘n yillikda ham iqtisodiy islohotlarni izchil davom ettirish, xususiy sektor rivojini rag‘batlantirish va yanada ko‘proq xorijiy investitsiyalarni jalb qilish ustuvor vazifa bo‘lib qoladi deb hisoblayman. O‘zbekiston biznes muhitini yaxshilashda salmoqli natijalarga erishdi va ushbu surʼatni saqlab qolish investorlar ishonchini yanada mustahkamlaydi.

Shuningdek, sifatli taʼlim, kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish, innovatsiyalar va barqaror taraqqiyot orqali inson kapitaliga sarmoya kiritish ham muhim ahamiyatga ega. “Yashil” iqtisodiyotni kengaytirish va mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash ham savdo va investitsiyalar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

– O‘zbekiston tarixidagi yaqinlashib kelayotgan muhim sanalar munosabati bilan mamlakat rahbariyati va xalqiga qanday tilaklar yo‘llaysiz?

– O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi va yangi islohotlar boshlanganining 10 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Prezidenti va xalqini samimiy muborakbod etaman. Erishilgan yutuqlar haqiqatan ham tahsinga sazovor bo‘lib, mamlakatning aniq strategik qarashlari va qatʼiyati, kuchli va farovon davlat barpo etishga bo‘lgan intilishini yaqqol namoyon etmoqda.

O‘zbekistonga tinchlik, barqarorlik va yanada yuksak iqtisodiy muvaffaqiyatlar tilayman. Mamlakatning o‘z fuqarolari va xalqaro hamkorlari uchun yangi imkoniyatlar yaratish yo‘lidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholayman.

O‘zbekiston taraqqiyot yo‘lini izchil davom ettirib, yaqin kelajakda mintaqadagi eng muhim iqtisodiy va investitsiya markazlaridan biriga aylanishiga ishonchim komil.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish