Isroilda O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan konsert bo‘lib o‘tdi

Iyul 10, 2026. 18:00 • 2 daq

124
Isroilda O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan konsert bo‘lib o‘tdi
Isroilda O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan konsert bo‘lib o‘tdi
Isroilda O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan konsert bo‘lib o‘tdi

ASHKELON, 10-iyul. /“Dunyo” AA/. Isroilning Ashkelon shahrida O‘zbekistonning boy madaniy merosini targ‘ib qilish va mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali konsert bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo”AA muxbiri.

Tadbir Isroildagi O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida "Sharq yulduzi" ansambli rahbari Janna Qodirova tashabbusi bilan tashkil etildi.

Tantanali kechada Isroilda istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari, mehnat migrantlari, jamoatchilik vakillari, mehmonlar hamda sanʼat ixlosmandlaridan iborat 200 nafardan ortiq kishi ishtirok etdi.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekistonning boy madaniy merosi, milliy qadriyatlari, sanʼati va anʼanalarini xorijda keng targ‘ib qilish, shuningdek, vatandoshlar o‘rtasida hamjihatlik, do‘stlik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash muhitini yana-da mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.

Konsert dasturida “Sharq yulduzi” ansambli tomonidan o‘zbek xalq qo‘shiqlari, milliy raqslar va musiqiy kompozitsiyalar ijro etildi. Sanʼatkorlarning chiqishlari orqali mehmonlar o‘zbek xalqining boy tarixi, madaniyati va milliy anʼanalari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.

“Men aziz O‘zbekistonimni sevaman va uning madaniyatini doimo targ‘ib qilaman. Xalqimiz tinchliksevarligi, bag‘rikengligi va yuksak maʼnaviyati bilan ajralib turadi”, — dedi ansambl rahbari Janna Qodirova.

Ashkelon shahar hokimligi vakillari o‘z chiqishlarida O‘zbekistonda asrlar davomida shakllangan bag‘rikenglik, turli millat va madaniyatlarga hurmat hamda tinch-totuv yashash anʼanalari ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va do‘stona munosabatlarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etayotganini taʼkidladilar.

O‘zbekiston diplomatlari mazkur konsert mamlakatimizning madaniy merosini xorijda keng targ‘ib qilish, vatandoshlarni birlashtirish hamda O‘zbekiston va Isroil o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yana-da rivojlantirishga xizmat qilishini qayd etdilar.

Tadbir yakunida ishtirokchilar O‘zbekistonni yaqinlashib kelayotgan mustaqillikning 35 yilligi bilan qutlab, mamlakatimizga tinchlik, farovonlik va ravnaq, shuningdek, O‘zbekiston–Isroil hamkorligining yana-da mustahkamlanishini tiladilar.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish

Mavzuga oid

Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 9-yilga oshdi
O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi