Misrning nufuzli kompaniyasi O‘zbekistonga 10 yillik hamkorlik rejasini taklif qildi
Iyul 24, 2026. 10:00 • 2 daq
• 24
QOHIRA, 24-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda Misrning “Wadi El-Neel” farmatsevtika kompaniyasi vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston elchixonasi xabariga ko‘ra, muloqot chog‘ida agentlik vakillari tomonidan mamlakatimizdagi farmatsevtika erkin iqtisodiy zonalarining investitsiyaviy imkoniyatlari, xorijiy investorlar uchun yaratilgan soliq va kommunikatsiya imtiyozlari hamda mehnat resurslaridan foydalanish shart-sharoitlari haqida maʼlumot berildi.
Misr tomoni O‘zbekistonga investitsiya kiritishga katta qiziqish bildirib, o‘n yillik hamkorlik rejasini taklif etdi. Loyihaning dastlabki besh yillik bosqichida “Wadi El-Neel” kompaniyasi mamlakatimizga gemodializ uskunalari va dori vositalarini yetkazib beruvchi eksklyuziv hamkor sifatida faoliyat yuritishni, shuningdek, Markaziy Osiyodagi barcha buyurtmalarni aynan O‘zbekistondagi rasmiy vakil orqali amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
Ikkinchi bosqichda esa O‘zbekiston hududida mahalliy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, ilg‘or texnologiyalar transferi va “nou-xau”ni taqdim etish nazarda tutilgan.
Uchrashuv yakunida kompaniya mahsulotlariga oid tegishli materiallar Sog‘liqni saqlash vazirligiga taqdim etildi. Ishtirokchilar maxfiylik to‘g‘risidagi bitimni imzolash, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda “Wadi El-Neel” o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish maqsadida navbatdagi uchrashuvlarni tashkil etishga kelishib oldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi