Diplomatlar Britaniyada mehnat qilayotgan vatandoshlarning muammo va ehtiyojlarini o‘rgandi
Sentabr 27, 2026. 09:10 • 2 daq
• 245
LONDON, 27-sentabr. /"Dunyo" AA/. O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari Buyuk Britaniyaning Vustershir grafligidagi «Evesham Vale Growers» qishloq xo‘jaligi fermasida mehnat qilayotgan vatandoshlar bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Uchrashuvning asosiy maqsadi hamyurtlarning mehnat va yashash sharoitlarini o‘rganish, ularning muammo va ehtiyojlarini aniqlash, profilaktik va tushuntirish tadbirlarini o‘tkazishdan iborat bo‘ldi.
Yurtdoshlarga Buyuk Britaniya qonunchiligi, viza talablari va mehnat shartnomalari shartlariga qat’iy rioya qilish zarurligi eslatib o‘tildi.
Huquq-tartibotga rioya qilish va mehnat faoliyati bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelganda elchixonaga murojaat qilish bo‘yicha kerakli taklif va tavsiyalar berildi.
Shuningdek, vatandoshlar turli yot g‘oyalarga aldanmaslik, nizolarning oldini olish hamda uchinchi shaxslar tomonidan tarqatilayotgan noqonuniy harakatlar yoki chaqiriqlarda ishtirok etmaslikka chaqirildi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi tekshirilmagan ma’lumotlarga tanqidiy yondashish va ishonchliligi tasdiqlanmagan xabarlarni tarqatmaslik zarurligi alohida tushuntirildi.
Uchrashuv davomida elchixona vakillari fuqarolarning murojaat va takliflarini tingladi, mehnat va maishiy sharoitlar bo‘yicha tegishli tushuntirishlar berdi.
Vatandoshlarga muammoli yoki favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasiga murojaat qilish tartibi tushuntirildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi