Diplomatlarimiz Yekaterinburgda o‘zbekistonlik mehnat migrantlari bilan uchrashdi
Sentabr 06, 2026. 15:00 • 2 daq
• 94
YEKATERINBURG, 6-sentyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston mustaqilligining 35-yilligi munosabati bilan Yekaterinburg shahrida bayram tadbiri tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Bosh konsulxona diplomatlari va Migratsiya agentligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda “MonolitStroy” MCHJ qurilish korxonasida mehnat qilayotgan hamyurtlarimiz ishtirok etdi.
Muloqot chog‘ida davlatimiz tomonidan xorijda bo‘lib turgan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan siyosiy islohotlar haqida ma’lumot berildi.
Uchrashuvda vatandoshlarimiz Mustaqillikning 35-yillik bayrami bilan tabriklandi. Ularga Prezidentimizning xalqimizga yo‘llagan bayram tabrigining mazmun-mohiyati yetkazildi. O‘z navbatida, mehnat migrantlari ko‘rsatilayotgan doimiy e’tibor va samimiy tilaklar uchun minnatdorlik bildirdi.
Yurtdoshlarga qurilish maydonchalarida xavfsizlik texnikasi qoidalari va mehnat shartnomasi shartlariga amal qilish bo‘yicha tushuntirishlar berildi. Ish beruvchi tomonidan oylik maoshlar kechiktirilgan yoki huquqlar buzilgan taqdirda, zudlik bilan Bosh konsulxonaning “Call-markazi”ga murojaat qilish zarurligi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, mamlakatdagi amaldagi migratsiya qoidalariga rioya qilish hamda favqulodda holatlar va uchuvchisiz uchish apparatlari (dronlar) hujumi xavfi yuzaga kelganda shaxsiy xavfsizlik choralarini qat’iy ta’minlash bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi