O‘zbekiston Prezidenti O‘zbekiston–O‘mon biznes forumining ochilish marosimida nutq so‘zladi

Noyabr 17, 2026. 18:10 • 3 daq

• 117
O‘zbekiston Prezidenti O‘zbekiston–O‘mon biznes forumining ochilish marosimida nutq so‘zladi

TOSHKЕNT, 17-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun O‘zbekiston–O‘mon biznes forumining ochilish marosimida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, tadbirda O‘mon Bosh vaziri o‘rinbosari Zeyazin bin Haysam Ol Said, ikki mamlakat hukumatlari a’zolari, yetakchi kompaniyalar, moliya institutlari va ishbilarmon doiralar vakillari qatnashdi.

O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqida O‘mon Sultoni Haysam bin Toriq Ol Said bilan o‘tkazilgan oliy darajadagi muzokaralar va erishilgan kelishuvlar ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirdi.

Joriy yilda o‘zaro savdo hajmi sezilarli oshgani, biroq mavjud iqtisodiy salohiyat hali to‘liq ishga solinmagani ta’kidlandi. Shu munosabat bilan yaqin istiqbolda tovar ayirboshlashni 1 milliard dollarga yetkazish maqsad qilib belgilangani qayd etildi.

Tashrif doirasida umumiy qiymati 5 milliard dollarlik aniq loyihalar portfeli shakllantirildi. Prezidentimiz eng muhimi kelishuvlar soni emas, balki ularning amaliy natijasi ekanini alohida ta’kidladi.

Shu maqsadda sanoat kooperatsiyasi, transport va logistika, zamonaviy shaharsozlik va turizm, mineral resurslarni o‘zlashtirish, shuningdek, moliya va raqamli texnologiyalar sohalari hamkorlikning beshta ustuvor yo‘nalishi sifatida taklif etildi.

Xususan, elektrotexnika sohasida O‘mon kompaniyalari bilan kabel va transformator mahsulotlarini birgalikda ishlab chiqarish hamda ularni qo‘shni mamlakatlarga eksport qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgani qayd etildi.

Transport-logistika yo‘nalishida O‘monning dengiz portlari va O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi strategik imkoniyatlarini birlashtirish muhimligi qayd etildi. Sohar shahrida logistika infratuzilmasini barpo etish, yagona savdo-logistika platformasini shakllantirish, shuningdek, aviaqatnovlarni ko‘paytirish va yuk tashish reyslarini yo‘lga qo‘yish taklif etildi.

O‘mon investorlarining Yangi Toshkent loyihasidagi ishtiroki yuqori baholandi. Yangi shaharda barpo etiladigan “Masqat” mavzesi ikki xalq do‘stligining yorqin ramziga aylanishiga ishonch bildirildi.

Kimyo sanoati, geologiya-qidiruv ishlari va mineral resurslarni chuqur qayta ishlash sohalarida qo‘shma investitsiya loyihalari ishlab chiqilgani ta’kidlandi.

Moliya va raqamli texnologiyalar yo‘nalishidagi amaliy hamkorlik ham kengaymoqda. Jumladan, sun’iy yo‘ldoshlarni uchirish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish ustida ish olib borilmoqda.

Prezidentimiz o‘monlik ishbilarmonlarni O‘zbekistondagi istiqbolli loyihalarda faol ishtirok etishga taklif etib, har bir investor uchun qulay va ishonchli muhit yaratish, qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga har tomonlama ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.

O‘z navbatida, O‘monda tadbirkorlik va xorijiy investitsiyalar uchun yaratilgan keng imkoniyatlar yuqori baholanib, o‘zbekistonlik kompaniyalar ushbu mamlakat bozoriga faol kirib borishga da’vat etildi.

Forum ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikni yangi amaliy mazmun bilan boyitishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish