O‘zbekiston va Shvetsiya mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilmoqda
Sentabr 11, 2026. 12:30 • 2 daq
• 249
STOKGOLM, 11-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, Migratsiya agentligi hamda Shvetsiyaning “NIRO Advokatbyra” advokatlik idorasi vakillari ishtirokida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda O‘zbekiston–Shvetsiya o‘rtasida vatandoshlarimizni ishga jalb etish, ularga kasbiy va til tayyorgarligi bo‘yicha ko‘mak berish, shuningdek, mehnat migratsiyasining qonuniy va tizimli asosda tashkil etilishini taʼminlash yuzasidan fikr-mulohaza almashildi.
Ish beruvchilar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va mehnat migratsiyasi bo‘yicha sheriklikni kengaytirish, nomzodlarni ishga saralash, ularning malakasi va kasbiy ko‘nikmalarini ish beruvchilar talablariga muvofiq baholash masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Shu bilan birga, xorijdagi mehnat faoliyati yakunlanganidan so‘ng fuqarolarning O‘zbekistonga qaytish majburiyatlari xususida ham so‘z yuritildi.
O‘zbekiston vakillari Shvetsiyaning “NIRO Advokatbyra” advokatlik idorasi rahbari Nima Rostamiga mamlakatimizda qurilish, arxitektura, mehmonxona-restoran biznesi va boshqa sohalarda ish tajribasiga ega, xorijda mehnat qilish salohiyati mavjud bo‘lgan 1,5 mingga yaqin nomzod haqida maʼlumot berdi.
Tomonlar O‘zbekistonda mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassislarni aniqlash, ularni xorijiy ish beruvchilar talablariga mos ravishda tayyorlash va munosib ish o‘rinlariga yo‘naltirish borasida hamkorlik qilish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar O‘zbekiston va Shvetsiya o‘rtasida mehnat migratsiyasi sohasidagi munosabatlarni yanada kengaytirish, qonuniy mehnat migratsiyasi uchun yangi imkoniyatlar yaratish va ushbu yo‘nalishda amaliy hamkorlikni kuchaytirishdan o‘zaro manfaatdor ekanini taʼkidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi