Pokiston O‘zbekistonning kriptomayning sohasini tartibga solish bo‘yicha tajribasini o‘rganadi

Avgust 20, 2026. 19:00 • 3 daq

69
Pokiston O‘zbekistonning kriptomayning sohasini tartibga solish bo‘yicha tajribasini o‘rganadi

ISLOMOBOD, 20-avgust. / “Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchisi Alisher To‘xtayev Pokistonning Blokcheyn va kriptovalyutalar masalalari bo‘yicha davlat vaziri, Virtual aktivlarni tartibga solish boshqarmasi rahbari Bilol bin Saqib bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot chog‘ida blokcheyn texnologiyalari, raqamli moliyaviy infratuzilma, virtual aktivlar va sunʼiy intellekt sohalarida O‘zbekiston–Pokiston hamkorligini rivojlantirish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.

Shuningdek, sohadagi regulyatorlik tajribasini o‘zaro almashish, tegishli hamkorlik hujjatlarini imzolash, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda ikki mamlakatning tegishli davlat va moliyaviy institutlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv davomida Pokiston tomoni O‘zbekistonda kriptomayning sohasini tartibga solish bo‘yicha shakllangan tajriba, amaldagi huquqiy mexanizmlar, sohadagi qonunchilik hamda investorlar uchun yaratilgan shart-sharoit va imtiyozlar bilan batafsil tanishtirildi.   

Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Besqala Mining Valley” maxsus mayning zonasi tashkil etilgani Pokiston vakilida katta qiziqish uyg‘otdi. Ushbu hududda qayta tiklanuvchi energiya manbalari, shuningdek, qonunchilikda belgilangan tartibda ruxsat etilgan boshqa energiya manbalaridan foydalangan holda mayning faoliyatini amalga oshirish uchun maxsus shart-sharoitlar yaratilgani qayd etildi.

Vazir Bilol bin Saqib, o‘z navbatida, Pokistonda virtual aktivlar bozorini davlat tomonidan tartibga solishning zamonaviy va samarali tizimini shakllantirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi. Uning taʼkidlashicha, Pokiston rahbariyati mazkur sohani milliy iqtisodiyotni raqamli transformatsiya qilish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va yangi investitsiya imkoniyatlarini jalb qilishning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri sifatida baholamoqda.

Shu munosabat bilan, Pokistonda jadal rivojlanayotgan mazkur sohada davlat nazorati, moliyaviy barqarorlik va axborot xavfsizligini taʼminlash bilan birga, texnologik innovatsiyalar va investitsiyalar oqimiga ortiqcha to‘siqlar yaratmaydigan muvozanatli regulyatorlik modelini ishlab chiqish asosiy vazifalardan biri ekani taʼkidlandi.

— O‘zbekiston Markaziy bankining taklifiga binoan, joriy yilning 24–26-avgust kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan birinchi “Ipak yo‘li moliya va texnologiyalar forumi”da ishtirok etish uchun yurtingizga amalga oshiradigan tashrifimni intiqlik bilan kutyapman, — dedi davlat vaziri. — Tashrif davomida O‘zbekistonning mazkur sohadagi ilg‘or tajribasi bilan yaqindan tanishish, istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qilish, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi maxsus mayning zonasi salohiyatini bevosita o‘rganishni rejalashtirganmiz.

Bundan tashqari, tomonlar ikki davlatning tegishli moliya muassasalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni istiqbolli yo‘nalish sifatida qayd etdilar.

Xususan, Pokiston tomoni raqamli va virtual aktivlar sohasida davlat siyosatini shakllantirish, normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, samarali regulyatorlik mexanizmlarini joriy etish va raqamli moliyaviy infratuzilmani rivojlantirish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Markaziy banki bilan tajriba almashishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar blokcheyn texnologiyalari, virtual aktivlar, raqamli moliya va sunʼiy intellekt kabi jadal rivojlanayotgan sohalarda hamkorlikni izchil davom ettirish bo‘yicha muloqotlarni davom ettirishga kelishib oldilar.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish