“Sada al-Balad English”: O‘zbekistonning mintaqaviy iqtisodiy integratsiyani mustahkamlashdagi roli tobora kengaymoqda
Oktabr 13, 2026. 11:30 • 2 daq
• 137
QOHIRA, 11-oktabr. /“Dunyo” AA/. Misrning “Sada al-Balad English” nashrida turkiy dunyoda suv xavfsizligi hamda Markaziy Osiyo mintaqasidagi iqtisodiy islohotlarga bag‘ishlangan maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ilk materialda yozilishicha, turkiy davlatlar o‘rtasida suv xavfsizligi sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va suv resurslaridan samarali foydalanish masalalari tahlil qilingan.
Muallif suv tanqisligi, muzliklarning qisqarishi, qurg‘oqchilik va aholi ehtiyojlarining ortib borishini butun Turkiy dunyo uchun umumiy strategik muammo sifatida baholaydi. Maqolada Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida ekologik barqarorlik va suv resurslarini boshqarish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Materialda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga ham to‘xtalib o‘tilgan. Xususan, 2020–2025-yillarda 1 870 kilometr kanal betonlangani, suvni tejovchi texnologiyalar 3,2 million gektar maydonda joriy etilgani va suv xo‘jaligida raqamli hisob hamda monitoring tizimlari rivojlantirilayotgani qayd etilgan.
Yana bir maqolada Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida so‘nggi yillarda mustahkamlanayotgan siyosiy ishonch va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarining iqtisodiy hamkorlikka ta’siri yoritilgan.
Maqolada O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-yildan boshlab ilgari surilgan ochiqlik, pragmatizm va yaxshi qo‘shnichilik siyosati mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashda muhim o‘rin tutgani ta’kidlangan.
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari muntazam tus olgani, mamlakatlar o‘rtasidagi savdo va investitsiya aloqalari kengaygani ushbu jarayonning muhim natijalari sifatida ko‘rsatiladi.
Mintaqaviy iqtisodiy integratsiyada transport-logistika yo‘nalishlarining ahamiyatini alohida qayd etilgan. Ozarbayjonning hamkorlik formatiga qo‘shilishi, Transkaspiy xalqaro transport yo‘li va “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘li kabi loyihalar mintaqani Kavkaz, Turkiya, Yevropa va Osiyoning boshqa bozorlari bilan bog‘lash imkoniyatlarini kengaytiradi.
Nashrda O‘zbekistonning Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Ozarbayjon bilan savdo, investitsiya, energetika hamda sanoat kooperatsiyasi sohalaridagi aloqalari ko‘rib chiqilgan.
Muallifning fikricha, hamkorlikning keyingi bosqichida oddiy tovar ayirboshlashdan qo‘shma korxonalar tashkil etish, mintaqaviy qiymat zanjirlarini shakllantirish va tayyor mahsulot ishlab chiqarishga o‘tish muhimdir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi