O‘zbekiston O‘mon portlari imkoniyatlaridan foydalanishdan manfaatdor
Oktabr 13, 2026. 12:30 • 3 daq
• 68
MASKAT, 13-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Abdusalom Xatamov sultonlikning “Oman” gazetasiga bergan intervyusida ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikning rivojlanishi va istiqbollari haqida batafsil so‘zlab berdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi siyosiy aloqalar sezilarli darajada faollashdi. Xususan, 2024–2025-yillarda tashqi ishlar vazirlarining o‘zaro tashriflari, shuningdek, 30-iyun kuni Maskat shahrida bo‘lib o‘tgan to‘qqizinchi raund siyosiy maslahatlashuvlar hamkorlikka yangi sur’at bag‘ishladi.
Elchi ikki davlatning mojarolarni tinch yo‘l bilan hal etish, davlat suverenitetini hurmat qilish va ichki ishlarga aralashmaslik masalalaridagi qarashlari mos kelishini qayd etdi. U, shuningdek, O‘zbekiston O‘monning mintaqaviy inqirozlarni bartaraf etish borasidagi diplomatik sa’y-harakatlarini qat’iyat bilan qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.
Iqtisodiy sohada tomonlar savdo aloqalarini kengaytirib, logistika, infratuzilma, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va mehmonxona industriyasi yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirmoqda. Diplomat hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida energetika, foydali qazilmalarni qazib olish, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi va turizmni alohida ko‘rsatib o‘tdi.
Intervyuda transport logistikasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Elchining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston eksport yo‘nalishlarini kengaytirish uchun O‘mon portlari, erkin iqtisodiy zonalari va logistika infratuzilmasi imkoniyatlaridan foydalanishdan manfaatdor. Yaqin vaqt ichida "Sohar" erkin iqtisodiy zonasida qo‘shma O‘mon-O‘zbekiston logistika kompaniyasi tashkil etilgani e’lon qilinishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, 2026-yilda O‘monning “Asyad” guruhi O‘zbekistondagi ikkita yirik logistika markazi va platformasida salmoqli ulushni qo‘lga kiritdi.
Abdusalom Xatamov, shuningdek, xorijiy kompaniyalar uchun erkin iqtisodiy zonalarda yaratilgan imtiyozlarni o‘z ichiga olgan O‘zbekistonning investitsiyaviy imkoniyatlari haqida ham ma’lumot berdi. Uning keltirgan ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatdagi xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni 2017-yildagi qariyb 4 mingtadan hozirgi kunda 18 mingtaga yetdi, jalb qilingan investitsiyalar hajmi esa 43 milliard dollarga oshdi.
Intervyuning alohida mavzusi sifatida ikki xalqning qadimiy Islom davriga borib taqaluvchi tarixiy, madaniy va ta’limiy aloqalari tilga olindi. Elchi hamkorlik misollari sifatida O‘mon ko‘magida Toshkent shahrida tashkil etilgan Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti kutubxonasi, shuningdek, o‘zbekistonlik talablar, o‘qituvchilar va diplomatlar uchun mo‘ljallangan ta’lim dasturlarini eslatib o‘tdi.
Kelgusidagi rejalar qatorida O‘monda O‘zbekiston madaniyati kunlari, ko‘rgazmalar, folklor tadbirlari va turistik taqdimotlarni o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Diplomatning fikricha, ishbilarmonlik, ilmiy, ta’limiy va madaniy aloqalarning rivojlanishi o‘zaro ishonchni mustahkamlash va ikki tomonlama munosabatlarni strategik sheriklikning yangi bosqichiga olib chiqishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi