Logo

O‘zbekiston bosh konsuli Kuzbass hibsxonasida saqlanayotgan vatandoshlar bilan uchrashdi

Aprel 10, 2026. 14:52 • 2 daq

124
O‘zbekiston bosh konsuli Kuzbass hibsxonasida saqlanayotgan vatandoshlar bilan uchrashdi

KEMEROVO, 10-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi bosh konsuli Kemerovo viloyati Kuzbass hududida joylashgan 1-son tergov hibsxonasida saqlanayotgan 18 nafar vatandoshimiz bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuv davomida har bir fuqaro bilan alohida suhbat o‘tkazilib, ularning murojaatlari, shikoyatlari va takliflari tinglandi. Ular tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlik holatlari yuzasidan barcha zarur maʼlumotlar batafsil qayd etildi. Maʼlum bo‘lishicha, mazkur fuqarolarning barchasi bir jinoyat ishi doirasida sud jarayonini kutib, hibsxonada saqlanmoqda.

Vatandoshlarimizga Bosh konsulxona tomonidan ularga nisbatan qo‘llanilayotgan Rossiya jinoyat kodeksi moddalarini yengillashtirish hamda ishni tezroq sudga oshirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilayotgani haqida maʼlumot berildi.

Shu bilan birga, uchrashuv chog‘ida muassasa masʼullari bilan hamkorlikda tezkor ravishda sog‘liq bilan bog‘liq muammo ham hal etildi. Xususan, o‘tkir respirator kasallik bilan og‘riyotgan bir nafar fuqaroga malakali tibbiy yordam ko‘rsatilishi taʼminlandi.

Maʼlum qilinganidek, Bosh konsulning ushbu muassasada saqlanayotgan fuqarolar bilan navbatdagi uchrashuvi 2026 yil iyun oyi boshiga rejalashtirilgan.

Shu kuni Bosh konsul Kemerovo va Leninsk-Kuzneskiy shaharlarida mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan ham sayyor konsullik qabulini o‘tkazdi. Unda fuqarolarga qabul qiluvchi mamlakat qonun-qoidalariga qatʼiy rioya etish zarurligi tushuntirildi. Hamyurtlarga huquqlari buzilgan hollarda zudlik bilan Bosh konsulxonaga murojaat qilish tavsiya etildi.

Uchrashuv davomida Bosh konsulxona tomonidan fuqarolarga hujjatlarni rasmiylashtirish, huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha doimiy yordam ko‘rsatishga tayyor ekani taʼkidlandi.

Konsullik qabuli doirasida Surxondaryo viloyatidan bo‘lgan va ayni paytda Kemerovo viloyatidagi qurilish obyektlaridan birida faoliyat yuritayotgan 20 nafar O‘zbekiston fuqarosi konsullik ro‘yxatiga olindi. Ular bilan konsullik va huquqiy masalalar yuzasidan zarur tushuntirish ishlari olib borildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish