“Jutarnji list”: O‘zbekiston Markaziy Osiyoda iqtisodi rivojlanayotgan yirik markazlardan biriga aylanib bormoqda
May 02, 2026. 15:30 • 2 daq
• 144
ZAGREB, 2-may /“Dunyo” AA/. Xorvatiyaning yetakchi “Jutarnji list” nashrida O‘zbekistonning iqtisodiy va savdo-investitsiyaviy imkoniyatlariga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada yozilishicha, Toshkent Zagreb bilan iqtisodiy va madaniy hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini shakllantirishga intilmoqda. Xorvatiyadagi yetakchi kompaniyalar esa sarmoyalarini xorijiy korxonalar bilan hamkorlikda kengaytirishga harakat qilmoqda.
O‘zbekiston Markaziy Osiyoda iqtisodi rivojlanayotgan yirik markazlardan biriga aylanib bormoqda. Xususan, mamlakat aholisining 38 milliondan oshgani uni mintaqadagi eng yirik iste’mol bozorlaridan biriga va jadal o‘sib borayotgan mehnat resurslari manbaiga aylantirmoqda.
Muallifning ta’kidlashicha, O‘zbekistonning geografik joylashuvi Xorvatiya kompaniyalariga Transkaspiy va rivojlanayotgan Transafg‘on yo‘laklariga chiqish imkonini beradi. O‘z navbatida, Adriatika dengizi bo‘yida joylashgan Xorvatiya orqali o‘zbek eksportchilari uchun Janubiy Yevropaga yangi yo‘nalishlar ochiladi.
Nashrda O‘zbekiston xomashyoga asoslangan iqtisodiyotdan diversifikatsiyalashgan, tez rivojlanayotgan bozorga aylanayotgani alohida qayd etilgan. Ta’kidlanishicha, mamlakat o‘zining strategik joylashuvi tufayli Xitoy, Rossiya, Yevropa va Yaqin Sharq o‘rtasidagi muhim iqtisodiy markazga aylanmoqda.
Material xulosasida Xorvatiyaning Yevropa Ittifoqiga a’zoligi bergan afzalliklar va uning logistika imkoniyatlari, shuningdek, Toshkent bilan strategik sheriklikni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar mavjudligi qayd etilgan. Shu bilan birga, O‘zbekiston Xorvatiya bilan yangi iqtisodiy va madaniy loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi