Yevropa Ittifoqida immigrantlar o‘rtasidagi bandlik darajasi rekord darajaga yetdi

Iyul 24, 2026. 10:30 • 2 daq

132
Yevropa Ittifoqida immigrantlar o‘rtasidagi bandlik darajasi rekord darajaga yetdi

BRYUSSEL, 24-iyul. /“Dunyo” AA/. 2025-yilda Yevropa Ittifoqida immigrantlar o‘rtasidagi bandlik darajasi rekord ko‘rsatkichga yetib, mahalliy aholi bilan oradagi farqni qisqartirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Shu bilan birga, migrantlarning mehnat salohiyatining katta qismi hamon ishga solinmagan. Bu haqda “Reuters” agentligi tanishib chiqqan “ROCKWOOL Foundation Berlin” (RFBerlin) jamg‘armasi tadqiqotida so‘z yuritilgan.

“RFBerlin” huzuridagi Migratsiyani tadqiq qilish va tahlil qilish markazi (CReAM) tomonidan “Eurostat” maʼlumotlari asosida o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, immigrantlar o‘rtasidagi bandlik darajasi bir yil avvalgi 67,8 foizdan 2025-yilda 68,2 foizgacha oshgan.

“CReAM” direktori o‘rinbosari Tommazo Frattinining aytishicha, ishlayotgan immigrantlar ulushi yillar davomida o‘sib bormoqda va ayni paytga kelib o‘zi yashayotgan mamlakatda tug‘ilgan aholining bandlik darajasiga yaqinlashgan.

Eng sezilarli o‘sish Yevropa Ittifoqi (YEI)ga aʼzo bo‘lmagan mamlakatlardan kelgan immigrantlar orasida qayd etilgan. 2017-yildan 2025-yilgacha ularning bandlik darajasi 6,6 foizga oshib, 59,4 foizdan 66 foizga yetgan. YEI mamlakatlaridan kelgan immigrantlar orasida bu ko‘rsatkich 71,1 foizdan 74,8 foizga, mahalliy aholi orasida esa 67,2 foizdan 71,6 foizga ko‘tarilgan.

Shu bilan birga, ko‘rsatkichlar mamlakatlar o‘rtasida sezilarli darajada farqlanadi. YEIdan tashqaridagi davlatlardan kelgan immigrantlar orasida eng yuqori bandlik darajasi Malta, Chexiya va Irlandiyada kuzatilgan bo‘lsa, Belgiya va Finlyandiyada bu ko‘rsatkich ancha past.

Germaniyada YEIdan tashqaridagi immigrantlar orasida bandlik darajasi 66,1 foizni, mamlakatda tug‘ilgan aholi orasida esa 79,6 foizni tashkil etadi.

Tadqiqot mualliflarining taʼkidlashicha, saqlanib qolayotgan tafovut, birinchi navbatda, YEI tashqarisidagi mamlakatlardan kelgan ayollar hamda yuqori malakali migrantlarga tegishlidir. “RFBerlin” direktori Kristian Dustmanning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda asosiy vazifa nafaqat immigrantlarni ish bilan taʼminlash, balki ularning kasbiy ko‘nikmalaridan to‘laroq foydalanishdan iboratdir.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish