Logo

Chexiyada o‘zbek madaniyati va turizm imkoniyatlari namoyish qilindi

Dekabr 19, 2025. 16:23 • 2 daq

95
Chexiyada o‘zbek madaniyati va turizm imkoniyatlari namoyish qilindi
Chexiyada o‘zbek madaniyati va turizm imkoniyatlari namoyish qilindi
Chexiyada o‘zbek madaniyati va turizm imkoniyatlari namoyish qilindi

PRAGA, 19-dekabr. /“Dunyo” AA/. Praga shahridagi “Samarqand” restoranida mamlakatimiz elchixonasi tashabbusi bilan Chexiyaning yetakchi sayyohlik tashkilotlari va kompaniyalari ishtirokida O‘zbekistonning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan madaniy-gastronomik tadbir o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Unda Chexiya Sayyohlik agentliklari uyushmasi (Association of Travel Agencies – ACK), Turoperatorlar va sayyohlik agentliklari uyushmasi (Association of Tour Operators and Travel Agents – ACCKA) hamda 30 dan ortiq turizm sohasida faoliyat yurituvchi yetakchi kompaniyalar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Tadbirni o‘tkazishdan maqsad O‘zbekistonning turizm sohasidagi zamonaviy imkoniyatlari, islohotlari va istiqbollarini Chexiya turizm bozori vakillariga taqdim etish, ikki davlat o‘rtasida turizm sohasida amaliy hamkorlikni kengaytirishdan iborat bo‘ldi.

Uchrashuv davomida o‘zbek milliy taomi – palovni tayyorlash bo‘yicha kulinariya shou tashkil etildi. Mazkur formatdagi tadbir Praga shahrida ilk bor o‘tkazilib, Chexiya turizm doiralari vakillari o‘rtasida katta qiziqish uyg‘otdi. Kulinariya namoyishi ishtirokchilarga o‘zbek milliy oshxonasining boy anʼanalari va madaniy qadriyatlarini yaqindan namoyon etish imkonini berdi.

Tadbirda mehmonlarga o‘zbek milliy taomlari tortildi. O‘zbekistonning Ipak yo‘li merosi, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlari, gastronomik, madaniy, ekologik hamda MICE turizmi imkoniyatlari bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi. Vizasiz rejim, transport aloqalari va mehmonxona infratuzilmasining jadal rivojlanayotgani alohida taʼkidlandi.

Ishtirokchilarga turizm yo‘nalishlari, turistik marshrutlar va xizmatlar haqida maʼlumot beruvchi axborot-tarqatma materiallar taqdim etildi. Ushbu format tadbir ishtirokchilari tomonidan ijobiy baholandi.

Tadbirda so‘zga chiqqan ACK va ACCKA vakillari O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasida turizm sohasida hamkorlik istiqbollarini alohida eʼtirof etdi. Ular O‘zbekiston Chexiya turistlari uchun istiqbolli, yangi va jozibador yo‘nalish sifatida tobora katta qiziqish uyg‘otayotganini taʼkidladi. Chexiya turoperatorlari tomonidan O‘zbekistonda turistik infratuzilmaning yaxshilanishi, mehmonxona fondining kengayishi va xizmatlar sifati oshgani ijobiy qayd etildi.

O‘tkazilgan tadbir O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishda muhim amaliy qadam bo‘ldi. Chexiya tomonining yuqori qiziqishi va erishilgan kelishuvlar O‘zbekistonning Yevropa bozoridagi turistik salohiyati yuqori ekanini tasdiqladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Samandar Xodjiyev

samandar@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish