DKNews: Barcha yo‘llar Toshkentga olib boradi
Noyabr 29, 2026. 15:30 • 2 daq
• 282
OSTONA, 29-noyabr. /“Dunyo” AA/. Qozog‘istonning nufuzli “DKNews” xalqaro axborot agentligida “Barcha yo‘llar Toshkentga olib boradi” sarlavhali maqola rus va ingliz tillarida e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada 25–27-noyabr kunlari Toshkentda o‘tkazilgan 31-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasining ahamiyati, xalqaro ko‘lami va O‘zbekistonning turistik imkoniyatlari keng yoritilgan.
Jumladan, tadbirda 20 ta mamlakatdan 300 dan ortiq kompaniya ishtirok etgani, turizm sohasida yangi yo‘nalishlar, investitsiya loyihalari va xalqaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilingani ta’kidlangan.
Muallif yarmarkaning Markaziy Osiyo turizm sohasidagi muhim xalqaro muloqot maydoni sifatidagi o‘rniga alohida e’tibor qaratgan. Toshkentdagi tadbir doirasida B2B formatidagi uchrashuvlar, xalqaro turistik forumlar, mamlakatlar va O‘zbekiston hududlarining turistik salohiyati taqdimotlari, milliy hunarmandchilik va gastronomik ko‘rgazmalar tashkil etilgani qayd etilgan.
Agentlikda ekologik, madaniy, gastronomik va sog‘lomlashtirish turizmini rivojlantirish, yangi turistik marshrutlarni shakllantirish hamda xorijiy investorlar bilan hamkorlikni kengaytirish masalalari xususida ham so‘z yuritilgan.
O‘zbekistonning barcha 14 ta hududi turistik imkoniyatlari bilan ishtirok etayotgani mamlakatda ichki va xalqaro turizmni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tiborning ifodasi sifatida keltirilgan.
Materialda Toshkent xalqaro turizm yarmarkasining xalqaro ahamiyati, O‘zbekistonning jahon turistik makonidagi o‘rni va mamlakatimizning xorijiy hamkorlar uchun istiqbolli turistik yo‘nalish sifatidagi imkoniyatlariga alohida to‘xtalib o‘tilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi