O‘zbekiston turizm salohiyati Leypsigdagi ko‘rgazmada namoyish etildi
Noyabr 29, 2026. 12:00 • 2 daq
• 182LEYPSIG, 29-noyabr. /“Dunyo” AA/. Germaniyaning Leypsig shahrida bo‘lib o‘tgan “Touristik & Caravaning Leipzig 2026” xalqaro turizm ko‘rgazmasida O‘zbekistonning sayyohlik imkoniyatlari keng namoyish etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur tadbir Germaniyadagi yirik xalqaro turistik ko‘rgazmalardan biri hisoblanadi. Bu galgi namoyishda 460 dan ortiq kompaniya o‘z xizmat va mahsulotlarini taqdim etdi. Qariyb 60 ming kvadrat metr maydonda tashkil etilgan ko‘rgazmaga 53 mingga yaqin kishi tashrif buyurdi.
O‘zbekistonning ko‘rgazmadagi ishtirokini mazmunli tashkil etish maqsadida mamlakatimizning Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan mahalliy turistik kompaniyalarni jalb qilish bo‘yicha ishlar olib borildi.
Milliy stendda “Uzbekistan Airways” va “Qanot Sharq” aviakompaniyalari vakillari ham ishtirok etdi. Bu mamlakatimizning turistik yo‘nalishlari bilan bir qatorda transport va aviaqatnov imkoniyatlarini ham xorijiy mehmonlarga tanishtirishga xizmat qildi.
Ko‘rgazma davomida Germaniyaning turistik kompaniyalari, turoperatorlari va sayyohlik agentliklari vakillari bilan qator B2B formatdagi uchrashuvlar o‘tkazildi. Xususan, “Polster & Pohl Reisen” kompaniyasi vakillari bilan muzokaralar olib borildi. Germaniyaning yirik turistik bozor ishtirokchilari – “TUI”, “DERTOUR Group”, “Schauinsland-Reisen” va “Alltours” kompaniyalari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvlarda O‘zbekistonni Germaniya turoperatorlarining turistik dasturlariga kiritish, mahalliy sayyohlik kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirish, ziyorat turizmini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Germaniya turistik sohasi vakillari uchun O‘zbekistonga tanishuv safarlarini tashkil etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Muzokaralarning muhim yo‘nalishlaridan biri aviaqatnovlar geografiyasini kengaytirish bo‘ldi. “Uzbekistan Airways” vakillari bilan birgalikda turistik guruhlar uchun qulay yo‘nalishlarni shakllantirish, xususan, “Frankfurt–Urganch” yangi aviamarshrutini ochish bo‘yicha fikr almashildi.
Ko‘rgazmaning eng muhim natijalaridan biri O‘zbekiston milliy stendiga bo‘lgan katta qiziqish bo‘ldi. Tadbir davomida unga Germaniya va Yevropaning boshqa mamlakatlaridan qariyb 13 ming kishi tashrif buyurdi. Mehmonlar mamlakatimizning turistik yo‘nalishlari, transport infratuzilmasi, mehmonxonalar, tarixiy obidalar, milliy taomlar va sayohatni tashkil etish imkoniyatlari bilan qiziqdi.
Ayniqsa, Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent va boshqa sayyohlik markazlari haqidagi ma’lumotlar tashrif buyuruvchilarda katta taassurot uyg‘otdi. Ko‘rgazma mehmonlariga O‘zbekistonning turistik salohiyati aks etgan 1,5 mingdan ortiq buklet, varaqa va axborot materiallari tarqatildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



