Misrlik turoperatorlar O‘zbekiston tashrif uchun maxsus turpaketlar ishlab chiqmoqchi

Iyul 14, 2026. 16:00 • 2 daq

155
Misrlik turoperatorlar O‘zbekiston tashrif uchun maxsus turpaketlar ishlab chiqmoqchi

QOHIRA, 14-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston diplomatlari Misrning yirik turistik kompaniyasi – “Travco Holidays” vakillari bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muzokaralar chog‘ida misrlik ishbilarmonlar O‘zbekistonning boy madaniy-tarixiy va turistik salohiyatini yuqori baholab, ushbu yo‘nalishni Misr bozorida faol rivojlantirishga katta qiziqish bildirdi. Elchixona tomonidan o‘tkazilgan taqdimotlar mahalliy soha vakillarida katta taassurot qoldirdi.

Uchrashuvda Misr bozorining o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, mamlakatimizni jozibador yo‘nalish sifatida keng targ‘ib qilish maqsadida “Travco Holidays” mutaxassislari uchun O‘zbekistonga maxsus tur uyushtirish bo‘yicha fikr-mulohazalar almashildi.

Mazkur safar davomida misrlik ekspertlarga yurtimizning mehmonxona tarmoqlari, restoranlari va diqqatga sazovor maskanlari bilan bevosita tanishish imkoniyatini yaratish ko‘zda tutilgan. Bu misrlik sayyohlarni O‘zbekistonga tizimli ravishda jalb etish bo‘yicha aniq va raqobatbardosh turpaketlarni ishlab chiqish imkonini beradi.

Muloqotda raqobatbardosh narx siyosatini shakllantirish maqsadida parvozlar geografiyasini kengaytirish hamda “Turkish Airlines” aviakompaniyasi bilan alohida uchrashuv o‘tkazish taklifi ilgari surildi.

Bundan tashqari, Misrning turli shaharlarida 100 dan ortiq mehmonxonani muvaffaqiyatli boshqarib kelayotgan “Travco Group” kompaniyasi O‘zbekistondagi ayrim mehmonxonalarni boshqarish uchun o‘zining tajribali mutaxassislarini jalb etishga tayyorligini bildirdi.

Yakunda “Travco Group” vakillari bilan O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Turizm qo‘mitasi hamda mamlakatimizning yetakchi turistik kompaniyalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatishga kelishib olindi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish