O‘monlik jurnalist va blogerlar O‘zbekistonning diqqatga sazovor maskanlarini ziyorat qildi

Iyul 14, 2026. 19:25 • 2 daq

98
O‘monlik jurnalist va blogerlar O‘zbekistonning diqqatga sazovor maskanlarini ziyorat qildi

MASKAT, 14-iyul. /“Dunyo” AA/. Bir guruh o‘monlik ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun yurtimiz bo‘ylab press-tur tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu tashrif O‘mon Sultonligida O‘zbekistonning turistik brendini keng targ‘ib qilish, mamlakatimizga sayyohlar oqimini ko‘paytirish hamda Maskat–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov yo‘lga qo‘yilgani munosabati bilan tashkil etildi.

Mazkur loyiha mamlakatimizning O‘mondagi elchixonasi, O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi hamda “Oman Air” aviakompaniyasi hamkorligida o‘tkazildi.

Delegatsiya tarkibidan O‘monning yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p ming sonli auditoriyaga ega, jamoatchilik fikriga sezilarli ta’sir ko‘rsatadigan taniqli blogerlar joy oldi.

To‘rt kunlik sayohat dasturi doirasida mehmonlar O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi va zamonaviy sayyohlik infratuzilmasi bilan yaqindan tanishdi.

Xususan, ular Toshkent shahridagi “Hazrati Imom” majmuasi, Islom sivilizatsiyasi markazi, “Suzuk ota” va “Gulbozor” ziyoratgohlarini ziyorat qildi. Shuningdek, poytaxtimizdagi Markaziy Osiyo palov markaziga tashrif buyurib, gastronomik turizm namunalaridan ham bahramand bo‘ldi.

Sayohatchilarda yurtimizning zamonaviy tog‘-kurort hududlari ham katta taassurot qoldirdi. Ular “Amirsoy Mountain Resort” majmuasi va Jizzax viloyatidagi “Zomin” turistik maskanida bo‘lib, ekoturizm imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi. Xorijliklar bu yerdagi “Sufa” platosi, dor yo‘li, osma ko‘prik, ziplayn hamda boshqa sog‘lomlashtirish majmualari faoliyatini yuqori baholadi.

Shu bilan birga, o‘monlik mehmonlar Samarqandning dunyoga mashhur Registon maydoni, Go‘ri Amir maqbarasi va boshqa tarixiy obidalarini ziyorat qildi.

Sayohat taassurotlari O‘monning yetakchi OAV va ijtimoiy tarmoqlarida fotova videoreportajko‘rinishida hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirorqali keng yoritildi. Bu, o‘z navbatida, xorij jamoatchiligi orasida O‘zbekistonning madaniy-ma’rifiy, ekologik va turizm sohalaridagi imijini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish