Norvegiyalik turoperator hamyurtlarini O‘zbekistondagi Ipak yo‘li xazinalarini kashf etishga chorlamoqda
Avgust 17, 2026. 08:55 • 2 daq
• 183
OSLO, 17-avgust. /“Dunyo” AA/. Norvegiyaning “Elite Travel” turoperatori O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi bilan tanishtirishga bag‘ishlangan “Ipak yo‘li xazinalari” (Silkeveiens skatter) nomli maxsus sayyohlik dasturini taqdim etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Sayyohlik yo‘nalishi Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarini qamrab olib, ishtirokchilarga qadimiy va zamonaviy meʼmorchilik uyg‘unligi, mashhur masjid va madrasalar, Buyuk ipak yo‘li davriga oid tarixiy yodgorliklar hamda YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan obyektlar bilan tanishish imkoniyatini beradi.
Dasturda o‘zbek xalqining milliy anʼanalari va taomlariga alohida eʼtibor qaratilgan. Xususan, sayyohlar mahalliy oilalardan birining uyida mehmon bo‘ladi, milliy taomlarni tayyorlashda qatnashadi. Shu bilan birga, Toshkentdagi mashhur “Chorsu” bozorini aylanadi, o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi va turmush tarzi bilan yaqindan tanishadi.
Dasturda taniqli xalqaro jurnalist Morten Strandning sayohat rahbari va maʼruzachisi sifatida ishtirok etishi turni yana-da mazmunli va jozibador qilishga xizmat qiladi.
Mutaxassislarning fikricha, O‘zbekistonga bag‘ishlangan bunday ixtisoslashtirilgan sayyohlik dasturlarining yo‘lga qo‘yilishi Skandinaviya sayyohlarining mamlakatimiz tarixiy va madaniy merosiga qiziqishi ortib borayotganidan dalolat beradi.
Statistik maʼlumotlarga ko‘ra, so‘nggi uch yil ichida O‘zbekistonga tashrif buyurgan norvegiyalik sayyohlar soni 3,6 baravarga oshgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi