Barselonada O‘zbekistonning turizm imkoniyatlari namoyish qilindi
Mart 25, 2026. 12:50 • 2 daq
• 120
MADRID, 25-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston delegatsiyasi Barselona shahrida bo‘lib o‘tgan “B Travel” xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasida mehmon mamlakat sifatida ishtirok etdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur ko‘rgazmada O‘zbekiston milliy stendi “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi hamda 8 ta sayyohlik kompaniyasi tomonidan namoyish etildi. Unda mamlakat turizm salohiyatining asosiy yo‘nalishlari – boy tarixiy-madaniy meros, jahon merosi obyektlari, gastronomik anʼanalar va zamonaviy sayyohlik mahsulotlari keng targ‘ib qilindi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi xorijiy turoperatorlar, aviakompaniyalar va sohaviy tashkilotlar vakillari bilan qator muzokaralar o‘tkazdi. Muloqotlar davomida hamkorlikni kengaytirish hamda Yevropa mamlakatlaridan sayyohlar oqimini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Barselonaning 60 ga yaqin yetakchi turoperatorlari ishtirokida O‘zbekiston turizm salohiyatiga bag‘ishlangan alohida taqdimot tashkil etildi. Unda xorijiy hamkorlarga mamlakatimizning asosiy sayyohlik yo‘nalishlari, yangi turistik mahsulotlar, transport-logistika infratuzilmasi imkoniyatlari va sohaning investitsiyaviy istiqbollari haqida batafsil maʼlumot berildi.
Ko‘rgazmada O‘zbekistonning mehmon mamlakat maqomida ishtirok etishi alohida ahamiyat kasb etdi. Tashkilotchilarning taʼkidlashicha, mazkur ishtirok mamlakatning xalqaro sayyohlik bozoridagi nufuzini mustahkamlash, ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish hamda milliy turizm brendi tanilishini oshirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, Ispaniyaning sayyohlar uchun muhim manba hisoblangan Kataloniya bozorida O‘zbekistonning tabiiy, madaniy, tarixiy va meʼmoriy merosini keng targ‘ib etishga ham xizmat qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi