Tokio shahrida O‘zbekistonning milliy turistik stendi namoyish etildi
Sentabr 28, 2026. 16:00 • 2 daq
• 131
TOKIO, 28-sentabr. /“Dunyo” AA/. Yaponiya poytaxtida “Tourism EXPO Japan 2026” xalqaro turistik ko‘rgazmasi o‘z ishini yakunladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ko‘rgazma doirasida mamlakatimiz elchixonasi, Turizm qo‘mitasi va Milliy PR-markazi ishtirokida tashkil etilgan O‘zbekiston milliy stendining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Milliy stendda O‘zbekistonning oltita sayyohlik kompaniyasi, “Uzbekistan Airways” AJ, shuningdek, “Moel Bosh” milliy dizaynerlik brendi vakillari o‘z mahsulot va xizmatlarini namoyish etdilar.
O‘zbekiston stendi ko‘rgazma pavilonining markaziy qismidan joy oldi. U tabiiy yog‘och materiallaridan foydalanilgan holda milliy uslubda bezatilib, tashrif buyuruvchilarning e’tiborini o‘ziga tortdi.
Ko‘rgazma doirasida yaponiyalik hamkor kompaniyalar bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, ularda yangi sayyohlik mahsulotlari taqdimoti hamda O‘zbekistonga sayyohlar oqimini oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
O‘zbekiston milliy stendiga Yaponiya turistik agentliklari assotsiatsiyasi (JATA) raisi Yudzi Xara, Qirg‘izistonning Yaponiyadagi elchisi Erkinbek Osoyev, Turkiyaning Nevshexir viloyati gubernatori Hyuseyn Kyok, shuningdek, Kappadokiya mintaqasi prezidenti Aydin Djem Aslanbay ham tashrif buyurdilar.
“Tourism EXPO Japan” Yaponiya Turizm agentligi, Yaponiya turistik agentliklari assotsiatsiyasi (JATA) va Yaponiya milliy turistik tashkiloti (JNTO) hamkorligida har yili o‘tkaziladigan eng yirik xalqaro turistik ko‘rgazmalardan biridir.
2025-yilda mazkur ko‘rgazmada dunyoning 82 ta davlati va mintaqasidan 1350 ta kompaniya hamda tashkilot ishtirok etgan bo‘lib, tashrif buyuruvchilar soni qariyb 130 ming kishini tashkil qilgan edi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi