O‘zbekiston 2030-yilga borib 20 million xorijiy sayyohni qabul qilishni maqsad qilgan
Sentabr 28, 2026. 14:00 • 3 daq
• 184TOSHKЕNT, 28-sentabr. /“Dunyo” AA/. Toshkent shahrida 27-sentabr — Xalqaro turizm kuni munosabati bilan turizm sohasi vakillari, davlat va jamoat tashkilotlari, tadbirkorlar, soha faxriylari hamda hamkor tashkilotlar ishtirokida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Turizm qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, tadbir avvalida Prezident Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti rahbari — Davlat rahbarining matbuot kotibi Sherzod Asadov Prezident Shavkat Mirziyoyevning soha xodimlariga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.
Davlat rahbarining tabrigida oshkoriklik siyosati, viza rejimining soddalashtirilishi, transport va mehmonxona infratuzilmasining kengaytirilishi turizm rivojiga kuchli sur’at bag‘ishlagani ta’kidlandi. Xususan, 2025-yilda mamlakatimizga qariyb 12 million xorijiy sayyoh tashrif buyurgani, bu yutuqlar ortida esa turizm sohasida faoliyat yuritayotgan minglab insonlarning fidoyi mehnati yotgani qayd etildi.
Tadbir ishtirokchilari Prezident tabrigida soha xodimlari mehnatini munosib e’tirof etish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan turizm xodimi” faxriy unvonini ta’sis etish haqida bildirilgan taklifni mamnuniyat bilan qo‘llab-quvvatladilar.
2030-yilga borib xorijiy sayyohlar sonini 20 million nafarga yetkazish, turizmning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 7 foizga, turistik xizmatlar eksportini esa 8 milliard dollardan oshirish kabi ulkan maqsadlar sohada mehnat qilayotgan barcha mas’ullar va mutaxassislardan yangi yondashuvlar, tashabbuskorlik va yuksak mas’uliyatni talab etadi.
Shu munosabat bilan turizm sohasida fidoyilik bilan mehnat qilayotgan insonlarning tashabbuslari, kasb mahorati va amaliy hissasini e’tirof etish muhim ahamiyat kasb etadi. Tadbir doirasida faol mutaxassislar, davlat organlari xodimlari, jamoat tashkilotlari vakillari, tadbirkorlar va ijtimoiy soha vakillari “Turizm fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan tantanali ravishda taqdirlandilar.
Shuningdek, tadbir davomida turizm sohasida amalga oshirilayotgan yangi loyihalar va tashabbuslar taqdim etildi. Xususan, Turizm qo‘mitasi, “Xunarmand” uyushmasi va O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamkorligida tashkil etilgan “Uzbek Gift Contest” respublika suvenir mahsulotlari tanlovining birinchi bosqich yakunlari sarhisob qilindi. Tanlovga 600 dan ortiq ish kelib tushdi. Hay’at bahosiga ko‘ra, yog‘och, suyak va tosh o‘ymakorligi, kashtachilik, zargarlik san’ati, milliy qo‘g‘irchoqlar va to‘qimachilik yo‘nalishlari bo‘yicha eng yaxshi 10 nafar usta aniqlanib, mukofotlandi.
Shu bilan birga, gastronomik turizmni rivojlantirishga qaratilgan “Gastro Marketplace” va “Tourist Friendly Restaurant” maxsus loyihalarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Mazkur tashabbuslar xizmat ko‘rsatish standartlarini yanada takomillashtirish, milliy taomlarimizni xalqaro auditoriya o‘rtasida keng targ‘ib qilish hamda O‘zbekistonning gastronomik salohiyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Tadbirning madaniy qismida “Omadli mehmon” interaktiv viktorinasi tashkil etilib, uning g‘oliblariga O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish uchun turistik yo‘llanmalar topshirildi. Bayram dasturi taniqli san’atkorlar ishtirokidagi gala-konsert bilan yakunlandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




