Caspian Policy Center: O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli o'zgarishlar Markaziy Osiyo va Kaspiy dengizi mintaqalariga ijobiy ta'sir ko'rsatmoqda
Aprel 06, 2024. 12:12 • 3 daq
• 1453
VASHINGTON, 6-aprel. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Furqat Sidiqov Kaspiy siyosat markazi (CRC)da bo'lib o'tgan tadbirda mamlakatimizning zamonaviy taraqqiyotiga bag'ishlagan taqdimot o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

2016 yilda tashkil etilgan Kaspiy siyosat markazi (Caspian Policy Center, CPC) mustaqil, notijorat tahlil tashkiloti hisoblanadi. Markaz shtab-kvartirasi Vashingtonda joylashgan. Tashkilot ekspertlari tomonidan olib boriladigan tadqiqotlar Kaspiy mintaqasiga qaratilgan.
Gibrid formatda o'tkazilgan tadbirda AQSHning rasmiy, tahliliy, ishbilarmon va akademik doiralari vakillari, shuningdek, Ozarbayjon, Qozog'iston, Turkiya va Tojikiston diplomatlari ishtirok etdi.
Tadbirni CPC Maslahat kengashi raisi, AQSH Davlat kotibi yordamchisining sobiq birinchi o'rinbosari Richard Xogland ochib berar ekan, O'zbekistonda so'nggi yillarda turli sohalarda jadal va keng ko'lamli o'zgarishlar amalga oshirilayotgani, bu esa Markaziy Osiyo va umuman Kaspiy dengizi mintaqalariga ijobiy ta'sir ko'rsatayotganini ta'kidladi. U Qo'shma Shtatlar mintaqadagi vaziyatni, ayniqsa, beqaror geosiyosiy vaziyat sharoitida diqqat bilan kuzatayotganini, O'zbekistonni mintaqaviy xavfsizlik, barqarorlikni ta'minlash, Markaziy Osiyoda iqtisodiy va sarmoyaviy muhitni rivojlantirish bo'yicha asosiy hamkor sifatida ko'rishini alohida ta'kidladi.
Yig'ilganlarga demokratik va iqtisodiy islohotlarning borishi, O'zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo'nalishlari hamda mintaqaviy siyosati haqidagi batafsil ma'lumotlar taqdim etildi. Amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati, mamlakatni siyosiy va iqtisodiy modernizatsiya qilishni chuqurlashtirish jarayonlari, mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlashga qaratilgan yondashuvlar alohida urg'ulandi. O'zbekiston va AQSH o'rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarining rivojlanish dinamikasi, siyosiy, iqtisodiy, terrorizmga qarshi kurash, kiberxavfsizlik va noqonuniy migratsiya sohalarida o'zaro hamkorlikni yana-da chuqurlashtirishning ustuvor yo'nalishlari qayd etildi.
Savdo va investitsiyalar, axborot texnologiyalari, innovatsion rivojlanish, akademiyalararo va ilmiy-texnikaviy sheriklik sohasidagi amaliy hamkorlikning istiqbolli yo'nalishlari alohida belgilab berilgan.
Tadbir davomida, shuningdek, O'zbekiston va AQSH o'rtasidagi hamkorlikning asosiy jihatlari, respublikaning Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo'lish jarayonini Qo'shma Shtatlar tomonidan qo'llab-quvvatlash, mintaqa orqali transport yo'nalishlarini rivojlantirish istiqbollari, hamkorlikni rivojlantirish strategiyalari, "yashil iqtisodiyot", bank-moliya sohasidagi islohotlar, Orol dengizi fojiasining ekologik oqibatlari muhokama qilindi.
Anjuman yakunida Kaspiy siyosati markazi bosh ijrochi direktori Efgan Nifti qayd etilgan ma'lumotlarni yuqori baholadi. Uning aytishicha, mazkur tadbir mintaqadagi ishlarning bugungi ahvoli, shuningdek, O'zbekiston va AQSH o'rtasidagi hamkorlik istiqbollari bo'yicha muloqot va fikr almashish uchun muhim maydonga aylandi.
Efgan Nifti Vashington O'zbekistondagi tub o'zgarishlarning muhim muvaffaqiyatlarini tan olishini va hukumatning ish o'rinlarini yaratish, iqtisodiyotni yana-da erkinlashtirish va demokratik institutlarni rivojlantirish, shuningdek, mintaqaviy o'zaro bog'liqlikni rag'batlantirish bo'yicha ustuvor yo'nalishlariga to'liq qo'shilishini ta'kidladi. Qo'shma Shtatlar "C5+1" formati doirasidagi sheriklikni kengaytirish, jumladan, O'zbekiston va mintaqaning boshqa davlatlari bilan iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash tarafdori.
CPC Maslahat kengashi a'zosi Marsha MakGrou o'z chiqishida, O'zbekiston axborot texnologiyalari sohasida salmoqli muvaffaqiyatlarga erishganini, bu esa ushbu sohaning AQSHga eksporti o'sishida yaqqol namoyon bo'layotganini alohida ta'kidladi. U mamlakatimizda IT-parklar tashkil etish va IT- ekotizimini shakllantirishni qo'llab-quvvatlashini bildirdi.
"O'zbekiston inson kapitalini rivojlantirish orqali iqtisodiy o'sish yo'lida qazib oluvchi sanoatga an'anaviy qaramlikdan voz kechish qat'iyligini namoyish etmoqda, – dedi u.
AQSH Kongressi tadqiqot xizmatining Markaziy Osiyo bo'yicha yetakchi eksperti Mariya Blekvud ma'ruzasida O'zbekistonda demokratlashtirish, davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish va iqtisodiyotni liberallashtirish jarayonlarini yuqori baholadi. Ekspert rasmiy Toshkentning Markaziy Osiyo mintaqasidagi muhim rolini, jumladan, mintaqaviy aloqalarni rivojlantirish va Afg'onistonda gumanitar inqirozning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etishini alohida qayd etdi.
Muxtasar aytganda, tadbir ishtirokchilari O'zbekiston rahbariyati tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar, mamlakatning xalqaro va mintaqaviy siyosati, respublikaning iqtisodiyot tarmoqlari va korxonalarini rivojlantirish borasidagi sa'y-harakatlarini qo'llab-quvvatladilar, erishilgan yutuqlar va IT-sanoatni rivojlantirish bo'yicha rejalarni esa yuqori baholadilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
"The National Interest": Markaziy Osiyoning Shimoliy Yevropa uchun ahamiyati ortmoqda
Turkiya qanday qilib yuqori texnologiyali iqtisodiyotga ega davlatga aylandi?