Logo

O'zbekiston energetika transformatsiyasi: bozor mexanizmlariga bosqichma-bosqich o'tish

Iyun 05, 2025. 11:11 • 6 daq

89
O'zbekiston energetika transformatsiyasi: bozor mexanizmlariga bosqichma-bosqich o'tish

TOSHKENT, 5-iyun. /"Dunyo" AA/. 2017-yildan buyon O'zbekistonda energetika sohasida samaradorlikni oshirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va bozor mexanizmlariga o'tishga qaratilgan keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilmoqda, deb xabar qilyapti "Dunyo" AA muxbiri.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma'lumotiga ko'ra, 2017 yildan 2024-yilgacha bo'lgan davrda elektr energiya sohasining normativ-huquqiy bazasini mustahkamlashga qaratilgan keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi, jumladan, 8 ta qonun, O'zbekiston Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining 90 tadan ortiq hujjatlari qabul qilindi.

2016-2024-yillarda mamlakatda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 38 foizga oshib, 2016-yildagi 59 milliard kVt/soatdan 2024-yilda 81,5 milliard kVt/soatga yetdi.

Shu bilan birga, aholi jon boshiga to'g'ri keluvchi elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 18 foizga oshib, 2200 kVt/soatga yetdi. Oxirgi yetti yilda o'tgan 25 yildagi energiya hajmidan 3 barobar ko'p –11 ming MVt yangi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirildi.

Iqtisodiyotning jadal sur'atlarda o'sib borayotganiga qaramay, mamlakatda ishlab chiqarilgan mahsulot yoki xizmat uchun kamroq energiya sarflashga erishildi. Xususan, 2017-yildan 2024-yilgacha mamlakatning yalpi ichki mahsuloti 55 foizga oshgan bo'lsa, ushbu davrda bir birlik ishlab chiqarish uchun energiya sarfi 7,4 foizga kamaydi. Boshqacha aytganda, iqtisodiyot kamroq energiya xarajatlari bilan ishlay boshladi – sanoat, xizmat ko'rsatish va qishloq xo'jaligi resurslardan yana-da oqilona foydalanishga o'tdi.

Bunday dinamika iqtisodiyotning yana-da samarali ishlayotganini ko'rsatmoqda, ya'ni har bir qo'shilgan qiymat uchun kamroq energiya sarflab, ko'proq mahsulot ishlab chiqarishga erishilib, bir million so'm YAIM uchun elektr energiya sarfi 56,8 kVt/soatga tushdi.

Shuningdek, 54,8 ming kilometrdan ortiq elektr uzatish tarmoqlari va 17,2 mingta transformator stansiyalari modernizatsiya qilindi. Natijada, mamlakatimiz bo'yicha 8 mingdan ortiq mahallaning elektr ta'minoti yaxshilandi. Taqqoslash uchun, 1991-yildan 2016-yilgacha atigi 9,3 ming kilometr elektr uzatish tarmoqlari va 4,8 mingta transformator yangilangan.

Qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. 2024-yil yakuniga qadar O'zbekistonning 10 ta viloyatda umumiy quvvati 4,1 ming MVt bo'lgan 14 ta quyosh va 3 ta shamol elektr stansiyasi ishga tushirildi. 2024-yilda ishlab chiqarilgan "yashil" elektr energiyasi hajmi 4,9 milliard kVt/soatni tashkil etdi.

Tariflarni erkinlashtirish orqali energiya resurslardan oqilona foydalanish va samaradorligini oshirish

O'sib borayotgan talabni hisobga olgan holda barqaror bozor mexanizmlarini yaratish va investitsiyalarni jalb etishga qaratilgan tariflarning erkinlashtirilishi energetika sohasidagi keng ko'lamli islohotlarning davomi bo'ldi.

Shu munosabat bilan, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan 2024-yil may oyida joriy etilgan ijtimoiy iste'mol normasiga asoslangan yangi tarif siyosatining uy xo'jaliklarining energiya iste'moliga ta'sirini baholash bo'yicha tadqiqot o'tkazildi.

Tadqiqotda respublikaning barcha hududlaridan 3516 ta uy xo'jaliklari ishtirok etdi. Shuningdek, 3,5 million tabiiy gaz va 8 million elektr energiyasi abonentlarining iste'mol ma'lumotlari tahlil qilindi. Bu esa, energiya iste'moli tarkibi va tariflar o'zgarishiga aholining munosabatini tushunish imkonini beradi.

Tahlil natijalari shuni ko'rsatadiki, 2024-yil may oyida joriy etilgan ijtimoiy normaga asoslangan yangi tariflar natijasida aholining energiya iste'molida iqtisod qilish sezilarli o'zgargan. Xususan, may-dekabr oylarida elektr energiyasi iste'moli 2023-yilning mos davriga nisbatan 1,3 milliard kVt*soatga (-10,6 foiz) qisqargan.

Ilgari oyiga 10 ming kVt/soatdan ortiq elektr energiyasi iste'mol qilgan uy xo'jaliklari soni ayniqsa sezilarli darajada kamaydi. Xususan, 2023-yilda bunday uy xo'jaliklarining soni 80 mingga yaqin bo'lgan bo'lsa, 2024 yilda bunday iste'molchilar soni 15 mingtaga tushgan.

E'tiborli tomoni, aksariyat aholi odatdagi me'yorlar doirasida energiya iste'molidan foydalanishni davom ettirdi. Oyiga 200 kVt/soatgacha elektr energiyasi iste'mol qilgan abonentlar ulushi 2023 yilda 71 foizni va 2024-yilda 72 foizni tashkil etib, barqarorligicha qoldi.

Tabiiy gaz iste'molida ham shunday tendensiya kuzatildi, 2024-yilda abonentlarning 58 foizi 500 kub metrgacha tabiiy gaz ishlatgan bo'lsa, 2023-yilda 54 foizni tashkil etgan. Shunday qilib, tariflarning oshishi asosiy iste'mol hajmining keskin o'zgarishiga olib kelmadi.

Elektr energiya iste'molida eng sezilarli pasayish dastlabki iste'moli nisbatan yuqori bo'lgan hududlarda, masalan, Samarqand, Toshkent, Andijon va Namangan viloyatlarida kuzatildi. Yuqori iste'mol darajasi (oyiga 10 000 kVt/soatdan ortiq) bo'lgan uy xo'jaliklari sonining sezilarli darajada kamayishi energiya resurslaridan tejamkor foydalanishga o'tishdan dalolat beradi.

Shu bilan bir qatorda energiya ta'minoti sifati ham yaxshilanmoqda. So'rov natijalariga ko'ra, respondentlarning deyarli yarmi elektr energiyasi bilan ta'minlash, shuningdek, tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta'minlash borasidagi ijobiy o'zgarishlarni qayd etdi.

Uy xo'jaliklarining 47 foiz, xususan, Surxondaryo (78 foiz), Sirdaryo (70 foiz) va Namangan (67 foiz) viloyatlarida elektr energiyasi ta'minoti yaxshilangani qayd etildi.

Respondentlarning 39 foizida tabiiy gaz ta'minoti yaxshilandi, eng yuqori ko'rsatkichlar Xorazm va Surxondaryo viloyatlarida (har biri 68 foiz ) hamda Jizzax viloyatida (60 foiz) qayd etildi.

Aholining 45 foizini, xususan, Sirdaryo (73 foiz), Surxondaryo (62 foiz) va Namangan (59 foiz) viloyatlarida suyultirilgan gaz bilan ta'minlash yaxshilandi. Shunday qilib, davom etayotgan islohotlar natijasida asosiy energiya xizmatlaridan foydalanish yaxshilanganligini ko'rsatadi.

Ijobiy o'zgarishlardan yana biri uy xo'jaliklarida maishiy darajada energiya tejash choralarini keng joriy etish bo'ldi. Respondentlarning 90 foizdan ortig'i energiya xarajatlarini kamaytirish uchun kamida bitta chora-tadbir amalga oshirilganligini ma'lum qildi.

Eng keng tarqalgan amaliyot LED-yoritish moslamalarini o'rnatish bo'lib, uy xo'jaliklarining 87 foizi svetodiodli yoritishga o'tgan bo'lsa, Qoraqalpog'iston Respublikasi, Xorazm, Navoiy va Toshkent viloyatlari kabi ayrim hududlarda bunday oilalar soni 90 foizdan oshdi.

Uy xo'jaliklarining 44 foizi, ayniqsa, Qashqadaryo (84 foiz), Buxoro (69 foiz) va Xorazm (54 foiz) viloyatlarida plastik deraza va eshiklarni o'rnatish orqali energiya samaradorligini yaxshilagan.

31 foiz uy xo'jaliklari energiya tejamkor maishiy texnika sotib olgan, bunday qarorlarning eng katta ulushi Jizzax (60 foiz), Navoiy (59 foiz) viloyatlarida va Qoraqalpog'iston (54 foiz) Respublikasida kuzatildi.

Bundan tashqari, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishga qiziqish ortib bormoqda.

Respublikadagi 64 ming uy xo'jaliklarida umumiy quvvati 223,4 MVt/soat bo'lgan quyosh panellari o'rnatilgan. Yillik ishlab chiqarish qariyb 313 million kVt/soatni tashkil etadi, bu orqali 104 million kub metr tabiiy gaz tejaldi.

Quyosh panellarini o'rnatgan uy-xo'jaliklarining yarmidan ko'pi erishilgan natijalardan mamnun ekanliklarini, kelgusida mazkur qurilmalar sonini ko'paytirishga qiziqish bildirishgan. Tahlil shuni ko'rsatadiki, respublikada 1,9 million uy xo'jaliklarida quyosh panellarini o'rnatishga talab mavjud, bu esa umumiy qiymati 2,3 milliard dollardan ortiq bo'lgan quyosh panellari bo'yicha ichki bozorni shakllantirish istiqbollari ko'rsatadi.

Shu bilan birga, xonadonlarda samaradorligi past bo'lgan gaz kotellari va qo'lbola pechka orqali yuqori energiya iste'moli saqlanib qolmoqda, bu uy-joy infratuzilmasini modernizatsiya qilish va zamonaviy texnologiyalarga o'tishni rag'batlantirish zarurligini ko'rsatadi.

Energiya samaradorligini oshirish: iqtisodiy foyda va atrof-muhitga ta'siri

Mamlakatimizda binolarning energiya samaradorligini oshirish sohasida investitsiya salohiyati shakllantirilmoqda. Hisob-kitoblarga ko'ra, mamlakatdagi ko'p xonadonli uy-joy tashqi devorlarni izolyatsiyalash, isitish tizimlarini almashtirish, eshik va derazalarni almashtirish natijasida yiliga 60 million dollardan ortiq mablag'ni tejash mumkin.

Jahon bankining hisob-kitoblarga ko'ra, ijtimoiy soha obyektlari, jumladan, sog'liqni saqlash muassasalari, maktabgacha ta'lim muassasalari va davlat maktablarida ham shunday salohiyat mavjud bo'lib, energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan maqsadli investitsiyalar kiritilishi orqali energiya iste'molini 20-50 foizga tejash imkonini beradi va iste'molni yiliga 7,1 milliard kVt/soatgacha qisqartirish mumkin.

Iqtisodiy foydadan tashqari, bu chora-tadbirlar har yili atmosferaga chiqariladigan SO₂ hajmini o'rtacha 780 ming tonnaga qisqarishiga yordam beradi. Mamlakatda uglerod birliklari savdosi bozori shakllanmoqda va biz ortiqcha kvotalarni boshqa davlatlarga muvaffaqiyatli ravishda sotyapmiz. Ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish savdo hajmini yana-da oshirishga imkon beradi, bu esa yiliga 50 million dollargacha daromad keltirishi mumkin.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish