Pokiston OAV: O‘zbekistonda har yili Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Milliy hisobot parlamentga taqdim etiladi
Mart 11, 2026. 09:00 • 3 daq
• 92ISLOMOBOD, 11-mart. /“Dunyo” AA/. Pokistonning «Daily Independent» va «Islamabad Post» gazetalari, shuningdek, «World News Pakistan», «The Diplomatic Insight», «The World News» va «Infora News» elektron nashrlarida «O‘zbekistonning rivojlanayotgan korrupsiyaga qarshi kurashish modeli: huquqiy islohotdan tizimli o‘zgarishgacha» sarlavhali maqolalar eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
«So‘nggi bir necha yil ichida korrupsiyaga qarshi kurashish O‘zbekiston davlat siyosati va islohotlar kun tartibining asosiy ustunlaridan biriga aylandi, – deyilgan maqola muqaddimasida. – Ilk bosqichda qonunchilikni modernizatsiya qilishdan boshlangan jarayon asta-sekin institutlar, boshqaruv amaliyotlari va davlat boshqaruvi tizimlarini qamrab olgan keng ko‘lamli transformatsiyaga aylandi».
Nashrlarda taʼkidlanishicha, bugungi kunda O‘zbekiston huquqiy islohotlar, raqamli boshqaruv, jamoatchilik hisobdorligi va xalqaro hamkorlikni o‘zaro uyg‘unlashtirgan, tartibga solingan va tobora institutsionallashib borayotgan korrupsiyaga qarshi kurashish modelini shakllantirmoqda.
Muhim bosqichlardan biri sifatida 2017-yilda «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonunning qabul qilinishi qayd etilgan. Shundan buyon korrupsiyaga qarshi kurashga oid 30 dan ortiq qonun va normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, mamlakatning huquqiy asosi sezilarli darajada mustahkamlandi.
«O‘zbekiston yondashuvining o‘ziga xos jihatlaridan biri – davlat xizmatlari ko‘rsatish jarayonida inson omili va subyektiv qaror qabul qilish imkoniyatlarini kamaytirish maqsadida raqamli transformatsiyadan foydalanishdir. Shuningdek, shaffoflikni taʼminlash ham raqamli vositalar orqali institutsionallashtirildi», – deb taʼkidlangan materiallarda.
Pokiston OAV yozishicha, 2020-yilda O‘zbekistonda Prezidentga bevosita hisobdor bo‘lgan hamda parlament oldida masʼul hisoblangan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. Shuningdek, milliy va hududiy darajada korrupsiyaga qarshi kurashish kengashlari, parlamentda esa maxsus qo‘mitalar shakllantirildi. Hozirgi kunda har yili Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Milliy hisobot parlamentga taqdim etilmoqda. Bu esa erishilgan natijalarni baholash, mavjud muammolarni aniqlash va siyosiy hisobdorlikni taʼminlash uchun rasmiy mexanizm yaratdi.
«Barqaror korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi faqat davlat institutlarigagina tayana olmaydi, – deyiladi maqolalarda. – Shuni hisobga olgan holda, O‘zbekiston fuqarolik jamiyati institutlari, mustaqil ekspertlar va surishtiruvchi jurnalistlarni halollik ekotizimining muhim ishtirokchilari sifatida qo‘llab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratmoqda. Ayniqsa, javobgarlikni taʼminlashda ommaviy axborot vositalari va surishtiruvchi jurnalistikaning o‘rni muhim ahamiyat kasb etmoqda».
Pokistonning bosma va elektron nashrlari, shuningdek, O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni ham sezilarli darajada kengaytirgani va chuqurlashtirganini eʼtirof etgan.
Maqolalar yakunida taʼkidlanishicha, «O‘zbekistondagi korrupsiyaga qarshi kurashish islohotlari qisqa muddatli kampaniya sifatida emas, balki boshqaruv madaniyatining tizimli o‘zgarishi sifatida qaralmoqda. Albatta, har qanday tuzilmaviy islohot jarayonida bo‘lgani kabi, muayyan qiyinchiliklar saqlanib qolmoqda. Biroq mamlakat taraqqiyot yo‘li deklarativ bayonotlardan amaliy va institutsional mexanizmlarga o‘tishni yaqqol namoyon etmoqda».
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



