Logo

Bugun dunyoda: Xorijiy OAV sharhi qisqa satrlarda

Fevral 10, 2026. 17:20 • 3 daq

85
Bugun dunyoda: Xorijiy OAV sharhi qisqa satrlarda

Rossiyada migrantlarni ishdan bo‘shatish qoidalari o‘zgartiriladi

Joriy yil 1-martdan boshlab Rossiyada migrantlarni ishdan bo‘shatish uchun asoslar ro‘yxatini kengaytirish rejalashtirilmoqda. Unga ko‘ra, hududiy darajada chet el ishchi kuchini jalb etishga cheklovlar joriy etilgan taqdirda, ish beruvchilarga migrantlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalarini bekor qilish huquqi beriladi. Bungacha Rossiya Mehnat kodeksida xorijiy fuqarolar bilan mehnat munosabatlarini faqat federal darajada cheklovlar o‘rnatilganda tugatishga ruxsat berilgan.

Manba: TASS

***

Hongkongda media magnat 20 yilga qamaldi

Hongkong sudi 78 yoshli mediamagnat va muxolifatchi Jimmi Layni milliy xavfsizlikka qarshi jinoyatlarda ayblab, 20 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Xitoy rasmiylarining eng ko‘zga ko‘ringan tanqidchilaridan biri hisoblangan tadbirkor “xorijiy kuchlar bilan til biriktirish” va “nizo qo‘zg‘atuvchi materiallarni tarqatish”da aybdor deb topilgan.

Manba: VVS

***

Qozog‘istonning yangi konstitutsiyasida rus tili to‘g‘risidagi taʼrif o‘zgartiriladi

Yangi konstitutsiyada rus tiliga berilgan taʼrifdagi “teng” so‘zi “qatori” so‘ziga almashtiriladi. Yaʼni “qozoq tili bilan teng qo‘llaniladi” o‘rniga, “qozoq tili qatori” qo‘llaniladi tarzida o‘zgartiriladi. Taʼkidlanishicha, bu qozoq tili – yagona davlat tili, rus tili u bilan birga, lekin teng maqomga ega bo‘lmagan holda qo‘llanilishini anglatadi.

Manba: RIA Novosti

***

Sitsiliyadagi shahar ko‘chki tufayli jar yoqasiga kelib qoldi

Italiyaning Sitsiliya orolidagi Nishemi shahri tom maʼnoda jar yoqasiga kelib qoldi. Yanvar oyida “Garri” sikloni tufayli yuz bergan kuchli yomg‘irdan so‘ng, shaharda ko‘chki sodir bo‘ldi. Oqibatda 1600 nafardan ortiq aholi evakuatsiya qilindi, yuzlab binolar jar yoqasida qoldi. Shaharda jami 25 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi.

Manba: Meduza

***

Kubada samolyotlar uchun yonilg‘i cheklab qo‘yildi

Kuba hukumati 8-fevral kuni xorijiy aviakompaniyalarga mamlakat aeroportlarida vaqtincha samolyotlarga yonilg‘i quyib bo‘lmasligini maʼlum qildi. Cheklovlar 9 fevraldan kuchga kirgan bo‘lib, mart oyi o‘rtalarigacha davom etishi kutilmoqda.

Manba: Deutsche Welle

***

Eron parlamentida AQSh bo‘yicha yopiq majlis o‘tkazildi

Eron Majlisi so‘nggi voqealar, jumladan muzokara jarayoni, mamlakatning mudofaa qobiliyati va milliy xavfsizlik sohasidagi vaziyatga bag‘ishlangan yopiq majlis o‘tkazdi. Mamlakat parlamenti matbuot kotibi Abbos Gudarzining aytishicha, majlisda Qurolli kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i general-mayor Abdulrahim Musaviy va tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi ishtirok etgan.

Manba: Mehr

***

PekinToshkent yo‘nalishida sayyohlik poyezdi yo‘lga qo‘yiladi

Buyuk Britaniyaning “Golden Eagle Luxury Trains” turoperatori “Poyezdda Buyuk Ipak yo‘li” nomli yangi temir yo‘l turini ishga tushirganini eʼlon qildi. Yo‘nalish 22 kunga mo‘ljallangan bo‘lib, beshta davlat – Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston hududidan qamrab oladi. Yo‘lning umumiy uzunligi 3862 kilometrni tashkil etadi. Sayohat Pekindan boshlanib, Toshkentda yakunlanadi.

Manba: Travel And Tour World

***

Afg‘onistonda ayollar huquqini keskin cheklovchi yangi kodeks qabul qilindi

Afg‘onistonda “Tolibon” muvaqqat hukumati ayollar huquqlarini keskin cheklovchi yangi Jinoyat kodeksini rasman qabul qildi. Maʼlum qilinishicha, bu hujjat huquq himoyachilari va xalqaro hamjamiyatning keskin noroziligiga sabab bo‘lgan.

Manba: The Sunday Guardian

Default Avatar

Material muallifi

Shahzoda Kuchkarova

shahzoda@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish