Logo

O‘zbekiston va Pokiston kasb-hunar taʼlimi bo‘yicha hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqmoqda

Aprel 05, 2026. 14:30 • 2 daq

102
O‘zbekiston va Pokiston kasb-hunar taʼlimi bo‘yicha hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqmoqda

ISLOMOBOD, 3-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokiston Kasbiy va texnik tayyorgarlik bo‘yicha milliy komissiyasi (National Vocational and Technical Training Commission) ijrochi direktori Muhammad Amir Jan bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot davomida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida taʼlim sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.

Xususan, ikki mamlakat kasb-hunar texnikumlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma taʼlim dasturlarini ishlab chiqish, o‘qituvchilar malakasini oshirish kurslarini tashkil etish kabi masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.

Elchi Alisher To‘xtayev yurtimizda kasbiy taʼlim tizimini markazlashtirish va samaradorligini oshirish maqsadida amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy natijalarini alohida taʼkidladi. Jumladan, 2025-yilda O‘zbekiston Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzurida Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etilgani ham qayd etildi.

Shuningdek, mamlakatimizda texnikum va kollejlarni rivojlantirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, taʼlim sifatini oshirish va o‘quv jarayoniga ilg‘or xalqaro tajribalarni joriy etish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilayotgani alohida urg‘u bilan taʼkidlandi.

O‘z navbatida, Muhammad Amir Jan rahbarlik qilayotgan tashkilot faoliyati haqida maʼlumot berib, bugungi kunda Pokiston aholisining qariyb 64 foizini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etishini qayd etdi. Uning aytishicha, komissiya tizimidagi davlat va xususiy kasbiy-taʼlim muassasalarini har yili 430 mingdan ortiq yoshlar tamomlamoqda. Mazkur muassasalarda turli yo‘nalishlar bo‘yicha 3 oydan 3 yilgacha davom etadigan o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yilgan.

Uchrashuv yakunida tomonlar ikki mamlakat kasb-hunar taʼlimi muassasalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar va qator istiqbolli takliflar qo‘llab-quvvatlandi.

Default Avatar

Material muallifi

Dunyo1

dunyo1@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish