Italiya Markaziy Osiyoni strategik barqaror markaz sifatida ko‘rmoqda
Aprel 05, 2026. 16:10 • 2 daq
• 71
RIM, 5-aprel. /“Dunyo” AA/. Italiya xalqaro tashkilotlar hamjamiyati (SIOI) tashabbusi bilan Markaziy Osiyo mintaqasining geosiyosiy va iqtisodiy salohiyati tahliliga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Rim shahrida tashkil etilgan tadbirda Markaziy Osiyo davlatlarining Italiyadagi elchilari, SIOI ekspertlari hamda yetakchi tahlil doiralar vakillari ishtirok etdi.
Muloqot chog‘ida global beqarorlik fonida Yevropa Ittifoqi, xususan, Italiya uchun Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlari strategik barqarorlik markazi hamda ishonchli hamkorlar sifatida namoyon bo‘layotgani alohida taʼkidlandi.
Tadbirning muhim voqeasi SIOI katta tahlilchisi Andrea Koppola tahriri ostida nashr etilgan “Markaziy Osiyo – Mintaqaning qayta kashf etilishi – Italiya va Yevropa Ittifoqi uchun imkoniyatlar” nomli jamoaviy monografiyaning taqdimoti bo‘ldi. Ushbu kitob mintaqaning yopiq hududdan jahon siyosati, energetikasi va logistikasining asosiy tuguniga (“Heartland”) aylanib borish jarayonlarini ilmiy jihatdan asoslab beradi.
Monografiyaga so‘zboshi yozgan Italiya tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vaziri o‘rinbosari Edmondo Chiriyelli mintaqaning strategik ahamiyatiga to‘xtalib, Italiya va Markaziy Osiyo aloqalari Marko Polo davridan boshlangan “tarixiy DNK” asosida qayta tiklanayotganini qayd etdi. Ekspertlarning fikricha, mintaqadagi ijodiy o‘zgarishlar jarayonida Italiya va Yevropa kapitalining roli tobora ortib bormoqda.
Italiya xalqaro tashkilotlar hamjamiyati (SIOI) 1944 yilda tashkil etilgan bo‘lib, Italiyaning xalqaro munosabatlar sohasidagi eng nufuzli tadqiqot institutlaridan biri hisoblanadi. Tashkilot Italiya TIV, xorijiy elchixonalar va ilmiy markazlar bilan yaqindan hamkorlik qilib, diplomatlar va xalqaro menejerlar uchun yuqori malaka oshirish kurslarini tashkil etadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi