Logo

Hindistondagi vatandoshimizga «Xalqlar do'stligi» ko'krak nishoni topshirildi

Oktabr 27, 2023. 07:53 • 2 daq

1778
Hindistondagi vatandoshimizga «Xalqlar do'stligi» ko'krak nishoni topshirildi

DEHLI, 27-oktyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasida Hindistonda istiqomat qiladigan vatandoshimiz Mafratxon Boboxo'jayevaga «Xalqlar do'stligi» ko'krak nishonini tantanali topshirish marosimi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekiston Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko'ra, mazkur ko'krak nishoni bilan yurtimizda yashayotgan barcha millat va elatlarning vakillari o'rtasida millatlararo do'stlik va totuvlik muhitining mustahkamlanishiga munosib hissa qo'shgan, milliy madaniy markazlar va do'stlik jamiyatlari faoliyati samaradorligini oshirish borasida fidokorona mehnat qilgan shaxslar, shuningdek, xorijiy mamlakatlar xalqlari bilan do'stlik va har taraflama hamkorlikni rivojlantirishda samarali natijalarga erishgan mahalliy va xorijiy davlat organlari xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, tadbirkorlik subyektlari, ijtimoiy soha va ommaviy axborot vositalari vakillari hamda chet eldagi vatandoshlar taqdirlanadi.


- O'zbekistonda so'nggi yillarda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarni xorijda yashayotgan bo'lsak-da katta qiziqish bilan kuzatib borayapmiz, ushbu yangilanish jarayonida faol qatnashishga harakat qilayapmiz, - dedi Mafratxon Boboxo'jayeva. - Yangi O'zbekistondagi o'zgarishlar ko'lami nihoyatda katta, lekin, eng muhimi, ushbu islohotlarning markazida inson qadri turganini biz, xorijdagi vatandoshlar qalban his qilayapmiz. Bugun menga topshirilgan yuksak mukofot ham buning yorqin ifodasidir. Vatan oldidagi arzimagan mehnatimning e'tirofi menga yana-da katta kuch va g'ayrat bag'ishlamoqda.


Mafratxon Boboxo'jayeva hind tili bo'yicha yetuk mutaxassis hisoblanadi. U qariyb 25 yildan buyon mamlakatimizning Dehli shahridagi diplomatik missiyasida mahalliy xodim sifatida O'zbekiston-Hindiston hamkorligini rivojlantirishga munosib hissa qo'shib kelmoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish