Logo

CNN Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida so‘z yuritdi

Dekabr 22, 2025. 11:25 • 2 daq

285
CNN Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida so‘z yuritdi
CNN Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida so‘z yuritdi
CNN Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida so‘z yuritdi
CNN Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida so‘z yuritdi
CNN Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida so‘z yuritdi
CNN Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida so‘z yuritdi
CNN Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida so‘z yuritdi
CNN Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida so‘z yuritdi

TOSHKENT, 22-dekabr. /“Dunyo” AA/. Amerikaning nufuzli CNN telekanali Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida maqola eʼlon qildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Mazkur markaz mintaqadagi eng yirik madaniy-maʼrifiy majmualardan biriga aylanadi va 2026-yilning mart oyida keng jamoatchilik uchun oʻz eshiklarini ochadi”,- deb yozilgan unda.

Nashrda loyihaning ulkan koʻlamiga alohida toʻxtalib oʻtilgan boʻlib, markaz binosi mashhur “Hollywood” yozuvidan toʻrt baravar baland, hajmi esa boʻyicha Oq uydan qariyb yetti baravar katta ekanligi taʼkidlangan.

CNNning qayd etishicha, ushbu obyekt muzey va ilmiy-tadqiqot muassasasi funksiyalarini oʻzida birlashtirgan boʻlib, Oʻzbekistonning islom ilmi va madaniyatining tarixiy markazlaridan biri sifatidagi rolini yodga solishga xizmat qiladi.

Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov telekanalga bergan intervyusida loyihaning asosiy vazifalaridan biri mintaqaning boy intellektual merosini, avvalambor, yosh avlod uchun zamonaviy va tushunarli tilda taqdim etishdan iborat ekanini taʼkidladi. Sakkiz yil davomida markaz konsepsiyasini shakllantirishda 40 dan ortiq mamlakatdan 1500 ga yaqin mutaxassis ishtirok etgan.

CNN, eksponatlarning innovatsion formatlariga ham alohida eʼtibor qaratgan. Interaktiv zonalarda virtual va kengaytirilgan reallik (VR/AR) texnologiyalari, sunʼiy intellekt hamda oʻtmishdagi buyuk olimlarning “jonlanuvchi portretlari”dan foydalanilgani urgʻulangan. Majmuaning ikkinchi qavati ilmiy faoliyat va kutubxona uchun ajratilgan boʻlib, uning fondi 200 mingdan ortiq kitobni oʻz ichiga oladi. Bu esa markazni koʻp funksiyali taʼlim maydoniga aylantiradi.

Telekanal, shuningdek, Markaziy Osiyoda islom sivilizatsiyasi rivojlanishining tarixiy kontekstini ham koʻrib chiqqan. Maqolada Oʻzbekistonning qadimiy shaharlari asrlar davomida Buyuk Ipak yoʻlida hal qiluvchi rol oʻynagani, markazning Temuriylar davri uslubidan ilhomlangan meʼmorchiligi esa oʻsha davrdagi ilm-fan, sanʼat va diplomatiya taraqqiyotini ramziy ifodalashi qayd etilgan.

Nashrda madaniy boyliklarni qaytarish mavzusi ham muhim oʻrin egallagan. Firdavs Abduxoliqovning soʻzlariga koʻra, soʻnggi yillarda mamlakatga ikki mingga yaqin artefakt, jumladan, noyob qoʻlyozmalarni qaytarishga muvaffaq boʻlindi.

“Ekspertlar markaz salohiyatini yuqori baholamoqda. Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi anʼanalar va ilgʻor texnologiyalarni birlashtirgan holda, madaniy meros hamda islom sivilizatsiyasini zamonaviy tushunish boʻyicha xalqaro muloqot maydoniga aylanishi mumkin”, — deya xulosa qilingan maqolada.

Default Avatar

Material muallifi

Maftuna Rajabbayeva

maftuna@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Samandar Xodjiyev

samandar@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish