Logo

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Kuvayt OAV diqqat markazida

Aprel 02, 2026. 14:24 • 3 daq

77
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Kuvayt OAV diqqat markazida

AL-KUVAYT, 3-aprel. /“Dunyo” AA/. Kuvaytning “Q8 Press” elektron nashrida “O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi xalqaro ommaviy axborot vositalari diqqat markazida” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Q8 Press”ning yozishicha, Toshkent shahrida barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi jahon ommaviy axborot vositalarida katta qiziqishga sabab bo‘lgan. Yirik xalqaro media tashkilotlar ushbu majmuani “ulkan global loyiha”, “Markaziy Osiyoning durdonasi” va islom sivilizatsiyasini zamonaviy talqinda qayta anglashga xizmat qiluvchi maydon sifatida baholagan.

Maʼlumotlarga ko‘ra, markaz haqidagi maqola va tahliliy materiallar 20 dan ortiq mamlakatda, shu jumladan ingliz, arab, ispan va xitoy tillarida chop etilgan. Umumiy qamrovi 1,5 milliarddan ortiq auditoriyani tashkil etadi, bu esa loyihaga bo‘lgan xalqaro qiziqishni yaqqol ko‘rsatadi.

Xalqaro nashrlar markaz ochilishining ramziy ahamiyatiga ham eʼtibor qaratgan. “Arab News” nashri markazning muqaddas Ramazon oyida ochilganini taʼkidlab, bu holat sakkiz yil avval poydevor qo‘yilgan payt bilan uyg‘unlashganini qayd etgan. Bu esa loyihaga maʼnaviy va tarixiy mazmun qo‘shadi.

“Khaleej Times” markazni zamonaviy texnologiyalar va ilmiy yondashuvlar orqali merosni namoyon etuvchi ilg‘or namuna sifatida baholagan. “Forbes” nashri esa markazni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan ochiqlik va taraqqiyot strategiyasining bir qismi sifatida baholagan.

“The Wall Street Journal” markazni boy tarixiy merosni zamonaviy uslubda taqdim etuvchi maskan deb taʼriflasa, “CNN” uni Markaziy Osiyoning asrlar davomida shakllangan intellektual merosini jahonga namoyon etuvchi “oyna” sifatida qiyoslagan.

“China Daily” markazni O‘zbekistondagi eng muhim madaniy va ilmiy loyihalardan biri sifatida eʼtirof etgan va uning Xitoy bilan madaniy hamkorlikdagi ahamiyatiga eʼtibor qaratgan. “The Korea Times” esa markazni zamonaviy platforma sifatida baholab, islom sivilizatsiyasining insoniy qadriyatlarini aks ettirishini qayd etgan.

“Euronews” markazni taʼlim, ilmiy tadqiqot va muzey formatini birlashtirgan yangi ilmiy-madaniy maskan sifatida ko‘rsatgan, “ABC” nashri esa uni tarixiy Ipak yo‘li merosini qayta tiklash bilan bog‘lagan.

Boshqa ommaviy axborot vositalari markazning arxitektura va ekologik jihatlariga ham alohida eʼtibor qaratgan. “Hello Magyar” dizayni zamonaviy barqarorlik talablariga mosligini taʼkidlasa, “Yeni Konya” uni so‘nggi asrdagi eng muhim madaniy va sanʼat yutuqlaridan biri deb baholagan. “Caliber.az” platformasi markazning ulkanligi va o‘ziga xosligi sababli Ginness rekordlar kitobiga kirishi mumkinligini taʼkidlagan.

Markaz nafaqat madaniy yodgorlik yoki muzey bo‘lib qolmay, balki mamlakatlarning o‘z merosini qayta kashf etib, uni zamonaviy uslubda jahonga taqdim etish jarayonining bir qismi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Tashrif buyuruvchilar uchun ochilishi bilan madaniy turizm rivojlanishi va O‘zbekistonga bo‘lgan xalqaro qiziqishning yanada ortishini kutmoqda.

Bugun ushbu loyiha nafaqat sayyohlik nuqtai nazaridan muhim, balki madaniyatlararo muloqotni rivojlantiruvchi va turli xalqlar o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajaruvchi maydonga aylanishi kutilmoqda. Ayniqsa, anʼana va zamonaviylikni uyg‘unlashtirgan bunday tashabbuslarga ehtiyoj ortib borayotgan bir davrda uning ahamiyati yanada oshadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish