Logo

O‘zbekiston delegatsiyasi Istanbulda bo‘lib o‘tgan Yosh parlamentariylar forumida ishtirok etdi

Aprel 19, 2026. 14:30 • 2 daq

185
O‘zbekiston delegatsiyasi Istanbulda bo‘lib o‘tgan Yosh parlamentariylar forumida ishtirok etdi

ISTANBUL, 19-aprel. /“Dunyo” AA/. Istanbul shahrida Parlamentlararo ittifoqning 152-assambleyasi doirasida Yosh parlament aʼzolari forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Parlamentimiz yuqori palatasi maʼlumotiga ko‘ra, unda Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi, Yoshlar parlamenti aʼzolari muhim tashabbus va takliflarni ilgari surishdi.

Forumda bugungi kunda yosh qonun chiqaruvchilar adolatli, xavfsiz va barqaror dunyo barpo etishda muhim o‘rin tutayotgani yuzasidan qizg‘in muhokamalar olib borildi. Yoshlarni parlament va davlat boshqaruvi jarayonlariga jalb etish, ularning qaror qabul qilishdagi ishtirokini kengaytirish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi. Tadbirda global o‘zgarishlar, xususan geosiyosiy keskinliklar va iqtisodiy aloqalardagi murakkabliklar sharoitida parlament diplomatiyasining ahamiyati ortib borayotgani qayd etildi.

Senat raisi Tanzila Narbayeva taʼkidlaganidek, bugungi sharoitda yosh parlament aʼzolari nafaqat siyosiy jarayonlarda ishtirok etuvchi, balki tinchlikni mustahkamlash va adolatli global iqtisodiyotni shakllantirishga hissa qo‘shuvchi muhim kuchga aylanmoqda.

Proteksionizm kuchayishi, taʼminot zanjirlarining uzilishi va iqtisodiyotning qutblarga bo‘linishi sharoitida, ayniqsa, rivojlanayotgan mamlakatlar va yoshlarga taʼsir kuchaymoqda. Shu bois xalqaro miqyosda soliq shaffofligini taʼminlash, moliyaviy resurslarni taʼlim, sog‘liqni saqlash, raqamli transformatsiya va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirish dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Forum doirasida joriy yilning 4–6 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Parlamentlararo ittifoq Yosh parlament aʼzolarining 12-global konferensiyasiga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi. Unda bo‘lajak anjumanning mazmun-mohiyati, uning xalqaro ahamiyati hamda Samarqand shahrining yuksak mezbonlik salohiyati atroflicha va taʼsirchan tarzda yoritildi. Forum ishtirokchilarida mazkur videorolik katta qiziqish uyg‘otib, O‘zbekistondagi yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar yuqori baholandi.

Taʼkidlash joizki, ushbu tashabbus O‘zbekiston Prezidenti tomonidan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasida ilgari surilgan bo‘lib, u yosh parlament aʼzolari o‘rtasida global muloqot va hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan.

O‘zbekiston xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, ayniqsa yoshlar parlamentarizmi sohasida muloqot va tajriba almashinuvini yana-da kengaytirishni ilgari surmoqda. Shu nuqtai nazardan, mazkur 12-global konferensiya muhim xalqaro platforma sifatida eʼtirof etilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish