“Anadolu” AA: Turkiya Superligasining birinchi mavsumida o‘zbek futbolchisi eng yaxshi to‘purar bo‘ldi
Yanvar 17, 2026. 12:07 • 2 daq
• 270
ANQARA, 18-yanvar. /“Dunyo” AA/. Turkiyaning yirik “Anadolu” axborot agentligi futbol bo‘yicha milliy terma jamoamiz sardori Eldor Shomurodovdan olgan intervyusini eʼlon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Intervyuda yozilishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda sport, xususan, futbolda katta natijalarga erishilgan. O‘zbek futbolchilari nafaqat mamlakatda, balki xorij muxlislari orasida ham mehr qozonib, yurt dovrug‘ini jahonga yoymoqda. Istanbulning “Bashakshehir” futbol jamoasi tarkibida to‘p surayotgan Eldor Shomurodov ham O‘zbekistondagi eng taniqli futbolchilardan biri hisoblanadi.
O‘zbekistonlik ushbu futbolchi Turkiya Superligasining birinchi mavsumida mahoratini ko‘rsatib, 17 ta o‘yinda 12 ta gol urib, eng yaxshi to‘purar nomiga sazovor bo‘ldi.
Eldor o‘zbek futboli so‘nggi yillarda katta yutuqlarga erishganini taʼkidlar ekan, bunday natijalarda, avvalo, davlat rahbarining futbolga ko‘rsatayotgan katta eʼtiborini alohida eʼtirof etgan.
“Yoshlarga har bir sohada keng imkoniyat taqdim etilmoqda. Buning natijasida, yoshlar o‘z salohiyatini namoyish etib, yuksak natijalarga erishmoqda. O‘ylaymanki, so‘nggi 10-15 yil ichida biz katta yuksalishni boshdan kechirdik”, deb taʼkidlagan Eldor Shomurodov.
Intervyuda O‘zbekiston terma jamoasi sardori 2026-yil AQSH, Kanada va Meksikada o‘tkaziladigan Jahon chempionati haqida ham alohida fikr yuritgan:
“Biz tarixda ilk bor 2026-yilgi Jahon chempionatiga chiqdi. Bu, albatta, ajoyib! Mundialga chiqishni necha yillardan buyon kutib yurgan xalqimiz bundan juda xursand bo‘ldi. Hozirda jahon chempionatiga astoydil tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz. Maqsadimiz – munosib ishtirok etish, O‘zbekistonning futbol bo‘yicha ham dunyoga o‘zini ko‘rsatish.
Guruhdan chiqish uchun doim imkoniyat bo‘lgan. Albatta, biz faqat ishtirok bilan cheklanmay, yaxshi natijaga erishishga harakat qilamiz. Eng muhimi, nufuzli chempionatda kuchli terma jamoalar bilan munosib tarzda raqobatlashamiz”, deya so‘z yuritgan futbolchi.
Eldor Shomurodov suhbat davomida 2026-yilgi Jahon chempionatiga yo‘l olishga imkon bergan Birlashgan Arab Amirliklari bilan o‘yinni unuta olmasligini taʼkidlagan:
“Bu eng unutilmas o‘yin edi. Aynan shu o‘yin bizga mundialda qatnashish imkonini berdi. O‘sha o‘yinni hech qachon esimdan chiqarmayman, chunki o‘sha kuni butun futbol faoliyatim ko‘z o‘ngimda o‘tgan”, degan u.
Intervyu davomida Eldor o‘zbek milliy taomlari, qadriyat va anʼanalari haqida ham to‘xtalib o‘tgan:
“O‘zbek oshxonasi turk oshxonasidan qolishmaydi. Bizning turfa milliy taomlarimiz barobarida, Samarqand, Xiva va Buxoro kabi tarixiy shaharlarimiz ham bor. Toshkentda ham ko‘plab o‘zgarishlar bo‘ldi. Ko‘plab go‘zal manzillar bor. Qisqasi, O‘zbekistonga tashrif buyurgan kishi hech ham afsuslanmaydi”, deb gapirgan o‘zbekistonlik futbolchi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi