Logo

Hindistonda o‘zbek kurashi bo‘yicha navbatdagi milliy chempionat yakunlandi

Yanvar 17, 2026. 14:08 • 55 soniya

86
Hindistonda o‘zbek kurashi bo‘yicha navbatdagi milliy chempionat yakunlandi

DEHLI, 17-yanvar. /“Dunyo” AA/. Hindistonning Patna shahrida kurash bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida 13-Hindiston milliy chempionati yuqori tashkiliy saviyada o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu musobaqa o‘zbek milliy kurashining xalqaro maydonda, jumladan Osiyo qitʼasida ommalashib borayotganining navbatdagi yorqin namoyishi bo‘ldi.

Chempionatda mamlakatning 22 ta shtatidan kelgan terma jamoalar g‘oliblik uchun bahs olib bordi. Uch kun davom etgan bellashuvlarda 670 nafardan ortiq polvon o‘z mahoratini namoyish etdi.

Musobaqalarni 35 nafar malakali referi kurash bo‘yicha xalqaro qoidalar asosida boshqarib bordi. Shuningdek, 69 nafar murabbiy o‘z shogirdlariga bosh-qosh bo‘ldi. Hakamlik imtihonining 22 nafar ishtirokchisi ham jarayonga jalb etildi.

Xalqaro kurash assotsiatsiyasi texnik direktori va Hindiston Kurash federatsiyasi prezidenti Ravi Kapurning taʼkidlashicha, bu kabi musobaqalar Hindistonda kurash sportini tizimli rivojlantirish va milliy terma jamoa zahirasini shakllantirishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Bugungi kunda o‘zbek kurashi chegara bilmas sport turiga aylanib ulgurdi. Hindiston kabi aholisi gavjum mamlakatda 600 dan ortiq yosh sportchining bir chempionat doirasida jam bo‘lishi — milliy qadriyatimiz bo‘lgan kurashning dunyo bo‘ylab yuksak nufuzga ega bo‘lib borayotganidan dalolat beradi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish