Logo

“SuperIllu” jurnali: O‘zbekiston yevropaliklar uchun eng jozibador sayyohlik yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda

Yanvar 18, 2026. 11:53 • 2 daq

41
“SuperIllu” jurnali: O‘zbekiston yevropaliklar uchun eng jozibador sayyohlik yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda

BERLIN, 18-yanvar. /“Dunyo” AA./ Germaniyaning ommabop “SuperIllu” jurnalining onlayn sahifasida nashrning siyosiy bo‘lim rahbari Gerald Prashlning O‘zbekistonning zamonaviy taraqqiyotiga bag‘ishlangan maqolasi chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Unda O‘zbekistonga tashrif buyurgan muallif mamlakatdagi ulkan islohotlar haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashar ekan, mamlakatning Markaziy Osiyodagi barqarorlik va yuksalish markazi sifatidagi maqomini alohida eʼtirof etgan.

Maqolada asosiy eʼtibor Ipak yo‘lining yuragi va ilm-fan beshigi bo‘lmish Samarqandga qaratilgan. Muallif yevropalik o‘quvchilarga G‘arbda ko‘plab kashfiyotlar ochilmagan bir davrda, Amir Temurning nabirasi Mirzo Ulug‘bek tomonidan qurdirilgan madrasalarda o‘z davridan ilgarilab ketgan ilm-fan gullab-yashnaganini eslatib o‘tadi. “Ilmga intilish - har bir inson uchun farzdir”, - deya iqtibos keltiradi nemis jurnalisti buyuk munajjim Mirzo Ulug‘bekning ushbu o‘giti bugungi kunda ham Yangi O‘zbekistonning g‘oyaviy mezoniga aylanganini qayd etar ekan.

Nemis jurnalisti Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan, mamlakatni har tomonlama modernizatsiya qilishga qaratilgan islohotlarga yuqori baho bergan. Shu o‘rinda u maqolada so‘nggi yillardagi quyidagi muhim yutuqlarni sanab o‘tgan. Xususan, Toshkentda xalqaro darajadagi kadrlarni tayyorlash lokomotivi sifatida “Yangi O‘zbekiston” universiteti tashkil etilgani, tabiiy resurslar mavjud bo‘lishiga qaramay, O‘zbekiston “yashil” energetikaga tizimli o‘tayotgani, 2050-yilgacha qayta tiklanuvchi energiya manbalariga to‘liq o‘tish rejalashtirilgani, yangi zavodlar barpo etilishi va infratuzilmaning sifat jihatdan yangilanishi kabilar qayd etiladi manbada.

Gerald Prashl O‘zbekistonning muvaffaqiyatli tashqi siyosatiga alohida to‘xtalgan. 2025 yil oktyabr oyida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi bilan imzolangan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim (EPCA) rasmiy Toshkentning jahon sahnasidagi roli ortib borayotganini tasdiqlovchi tarixiy qadam sifatida baholangan.

Muallif O‘zbekiston bugungi kunda Yevropa, AQSH va Xitoy kabi yirik davlatlar bilan konstruktiv muloqot yo‘lini tanlaganini taʼkidlaydi.

Turizm sohasidagi islohotlar O‘zbekistonni yevropaliklar uchun eng jozibador yo‘nalishlardan biriga aylantirgani haqida so‘z yuritar ekan, jurnalist quyidagilarga yana bir bor urg‘u beradi. Jumladan, YEI fuqarolari uchun vizasiz rejimning joriy qilinishi sayyohlar oqimining ko‘payishiga xizmat qilgani, maxsus tashkil etilgan turizm politsiyasi faoliyati va mamlakatdagi umumiy xavfsiz muhit, “Afrosiyob” tezyurar poyezdlarining sayyohlarga Samarqand, Buxoro, Xiva va boshqa tarixiy shaharlarni yuqori qulaylikda ziyorat qilish imkonini berishi alohida qayd etilgan.

Maqola yakunida muallif o‘quvchilarni eʼtiborini qiziq bir tarixiy faktga qaratadi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonning Germaniya DEFA kinostudiyasi bilan o‘tgan asrlarda yaqindan hamkorlik qilganligi va 1973 yilda Shahrisabz tog‘lari etaklarida mashhur “Apachilar” filmining suratga olinishi ikki xalq o‘rtasidagi chuqur madaniy aloqalar ramziga aylangan.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish