Logo

“Eurogospodarka” gazetasi: Islom sivilizatsiyasi markazi – Yangi O‘zbekiston ramzi

Aprel 02, 2026. 10:46 • 2 daq

112
“Eurogospodarka” gazetasi: Islom sivilizatsiyasi markazi – Yangi O‘zbekiston ramzi

VARSHAVA, 2-aprel. /“Dunyo” AA/. Polshadagi mashhur “Eurogospodarka” gazetasida jurnalist Anjey Kazimerskiyning “Uchinchi Renessans: Islom sivilizatsiyasi markazi Yangi O‘zbekistonning ma’naviy va intellektual rivojlanish strategiyasi” nomli maqolasini e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muallifning ta’kidlashicha, tarix shuni ko‘rsatadiki, har qanday katta taraqqiyot – ilm-fan va ma’naviyatga tayanadi. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ham shunday yirik va muhim loyihalardan biri hisoblanadi. U nafaqat chiroyli bino, balki o‘tmish, bugun va kelajakni bog‘lab turuvchi ma’naviy va ilmiy markazdir.

2026-yil mart oyida markazning ochilishi xalqaro tashkilotlar va yetakchi nashrlar e’tiborini tortdi. Bu uni Yangi O‘zbekistonning eng muhim madaniy loyihalaridan biri sifatida ko‘rsatayotganini anglatadi.

Nashrning yozishicha, ushbu loyiha 2017-yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh Assambleyasida ilgari surilgan tashabbus asosida boshlangan. U yerda Islom dinining asl mohiyati – tinchlik, ma’rifat va bunyodkorlik ekanini dunyoga ko‘rsatish kerakligi ta’kidlangan edi.

Markazdagi eng muhim eksponatlardan biri – VII asrga oid mashhur Usmon Qur’oni nusxasi hisoblanadi. U YUNЕSKOning “Jahon xotirasi” ro‘yxatiga kiritilgan noyob yodgorlikdir.

Shuningdek, O‘zbekiston tomonidan tashkil etilgan ilmiy ekspeditsiyalar orqali dunyo muzey va kutubxonalarida saqlanayotgan qo‘lyozmalarning nusxalari yig‘ilgan. Bu esa, milliy merosimiz nafaqat mintaqa, balki butun insoniyat uchun muhim ekanini ko‘rsatadi.

“Islom sivilizatsiyasi markazi faqat muzey emas. U ilmiy va ta’lim markazi sifatida ham faoliyat yuritadi. Bu yerda katta kutubxona, restavratsiya laboratoriyalari, xattotlik maktabi va raqamli arxivlar mavjud. ICESCO, IRCICA va Oksford islom tadqiqotlari markazi kabi xalqaro tashkilotlar ham shu yerda joylashgan”, deya fikr yuritgan jurnalist.

Materialda qayd etilishicha, 2026-yil fevral oyida Parijda e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi “2026-yilning eng go‘zal muzeylari” ro‘yxatiga kiritilgan.

Markazning ochilishi Ramazon oyiga to‘g‘ri kelgani ham ramziy ahamiyatga ega. Chunki 2018-yil aynan shu oyda loyihaning ilk poydevori qo‘yilgan edi. Oradan yillar o‘tib, bu markaz islom madaniyatini saqlash va kelajak avlodlarga yetkazishda muhim o‘rin tutadigan maskanga aylandi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish