Logo

Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan YUNESKO Bosh konferensiyasi 15-dekabrni Butunjahon turkiy tillar kuni deb e'lon qildi

Noyabr 04, 2025. 20:18 • 2 daq

283
Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan YUNESKO Bosh konferensiyasi 15-dekabrni Butunjahon turkiy tillar kuni deb e'lon qildi

3-noyabr kuni Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasida tashkilotga a'zo davlatlar tomonidan Butunjahon turkiy tillar kunini e'lon qilish tashabbusi bir ovozdan ma'qullandi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

​Ushbu tashabbus Oʻzbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston tomonidan YUNESKOga a'zo 26 ta davlat hammuallifligida ilgari surilgan.

​Butunjahon turkiy tillar kunini nishonlash sanasi sifatida 15-dekabr belgilandi. Tarixga nazar tashlasak aynan shu kuni 1893-yilda daniyalik olim Vilgelm Tomsen turkiy tillarning kelib chiqishidan dalolat beruvchi eng qadimiy hujjatlardan biri – Orxon yozuvlari alifbosini oʻqiganligini e'lon qilgan.

​Bosh konferensiya qarorida ta'kidlanishicha, turkiy tillar YUNESKOga a'zo bir nechta davlatlar hududida, ya'ni taxminan 12 million kvadrat kilometr maydonda yashovchi 200 milliondan ortiq kishi uchun ona tili hisoblanadi.

​Butunjahon turkiy tillar kunining e'lon qilinishi, til va madaniy xilma-xillikni, mintaqaviy va global hamkorlikni, turkiy xalqlarning ogʻzaki an'analari va oʻzini namoyon etish shakllarini saqlash hamda rivojlantirishga, shuningdek, YUNESKOning ushbu sohalardagi ustuvorliklarini amalga oshirishga koʻmaklashadi.

​Ushbu tashabbus, shuningdek, turkiy tillar boʻyicha tadqiqotlarni faol rivojlantirish, axborot-ma'rifiy tadbirlar oʻtkazish va xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, turkiy tilda soʻzlashuvchi davlatlarning madaniy va hujjatli merosini ommalashtirish uchun yangi turtki boʻlib xizmat qiladi.

​Rejalashtirilishicha, Butunjahon turkiy tillar kunini nishonlash doirasida turkiy tillarning madaniy va ijtimoiy qadrini namoyish etuvchi va ularning insoniyat taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi haqida xabardorlikni oshiruvchi turli madaniy taqdimotlar va tadbirlar oʻtkaziladi, jumladan, koʻrgazmalar, ma'ruzalar, adabiy kechalar, badiiy chiqishlar tashkil etiladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish