Logo

Toshkentda "Markaziy Osiyo: umumiy ma'naviy-ma'rifiy meros – umumiy kelajak" mavzusida xalqaro kongress boshlandi

Noyabr 13, 2025. 16:57 • 5 daq

302
Toshkentda "Markaziy Osiyo: umumiy ma'naviy-ma'rifiy meros – umumiy kelajak" mavzusida xalqaro kongress boshlandi

Toshkent, 13-noyabr. /"Dunyo" AA/. Poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazida "Markaziy Osiyo: umumiy ma'naviy-ma'rifiy meros – umumiy kelajak" mavzusidagi xalqaro kongress boshlandi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur nufuzli forumda dunyoning turli mintaqalaridan 300 nafarga yaqin olim, san'atshunoslar va ta'lim sohasi vakillari qatnashmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev forum ishtirokchilariga qutlov so'zi yo'lladi:

"Muhtaram kongress ishtirokchilari!

Bugungi murakkab davrda, dunyoda ziddiyat va mojarolar kuchayib borayotgan bir paytda, tarixdan saboq olish, tinchlik va barqarorlikni asrash, barcha sohalarda ilm va ma'rifatga tayanish, xalqlar o'rtasida o'zaro hamjihatlik muhitini mustahkamlash hamda sivilizatsiyalararo muloqotni rivojlantirish – eng dolzarb vazifalarimizdan biri bo'lib qolmoqda.

Ishonchim komilki, mamlakatlarimiz o'rtasida do'stlik va sheriklik aloqalarini mustahkamlash, gumanitar hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan bugungi forum ilmiy va madaniy muloqot uchun samarali maydonga aylanadi.

Kongress doirasida yangi ilmiy-tadqiqot va ma'rifiy loyihalar ishlab chiqiladi, ular davlatlarimiz o'rtasidagi hamkorlik hamda ma'naviy-madaniy rishtalarni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi, degan umiddaman.

Barchangizga sog'lik, yangi yutuqlar va ezgu faoliyatingizda muvaffaqiyat tilayman, kongress ishiga esa samarali natijalar tilayman".

Kongress xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus, ilmiy va madaniy muassasalar vakillarini, shuningdek Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda Ozarbayjondan kelgan olimlar va san'at arboblarini birlashtirdi.

Tadbirning asosiy maqsadi – mintaqamiz xalqlarining ma'naviy va ilmiy merosini ularning birligi, hamkorligi va barqaror taraqqiyoti asosi sifatida tahlil qilishdir. Shuningdek, barcha davlatlarning umumiy madaniy merosni asrash, o'rganish va targ'ib etishga qo'shayotgan hissasi, ilm-fan, ta'lim va madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish bo'yicha xalqaro tashabbuslariga alohida e'tibor qaratiladi.

Kongressning aynan O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o'tkazilishi ramziy ahamiyatga ega. Bu noyob majmua mintaqaning uch ming yillik tarixi, Renessans davrlari va Yangi O'zbekiston taraqqiyotini mujassam etgan. Markaz sivilizatsiya merosini o'rganish, yoshlarni tarbiyalash va xalqaro madaniy hamkorlikni mustahkamlash maydoni bo'lib xizmat qilmoqda.

Kongress oldidan eng muhim voqealardan biri Toshkent shahrida islom tarixining eng ulug' va muqaddas qo'lyozmalaridan biri — Hazrati Usmon (r.a.) davrida ko'chirilgan Usmon Mus'hafini Hazrati Imom majmuasida joylashgan "Mo'yi muborak" madrasasi muzeyidan O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga ko'chirildi. Tadbir O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Din ishlari bo'yicha qo'mita va O'zbekiston musulmonlari idorasi hamkorligida tashkil etilgan. Shu munosabat bilan Muftiyat ham o'z faoliyatini endi O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida davom ettiradi.

Markaziy Osiyo mamlakatlarida bugungi kunda ta'lim va fan sohasida sezilarli yutuqlar kuzatilmoqda. Olimlar o'rtasida yangi hamkorlik formatlari shakllanmoqda, akademik almashinuvlar va ilmiy tashabbuslar rivojlanmoqda. Bu ishlar madaniy merosni asrash va zamonaviy gumanitar fikrni ilgari surishga qaratilgan. Ko'plab loyihalar turli mamlakat olimlari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Kongressning boshlanishida ishtirokchilar Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyalari bilan tanishdilar. Markaz qurilishi va uning ichki mazmuniga bag'ishlangan hujjatli film namoyish etildi.

Ochilish marosimidan keyin yalpi muhokamalar bo'lib o'tdi. Davlat idoralari, ilmiy muassasalar va madaniyat arboblari o'rtasida keng muloqot tashkil etildi. Unda umumiy tarixiy merosni asrash, zamonaviy hamkorlik shakllarini izlash va ma'naviyat g'oyalarini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Markaziy Osiyo va Ozarbayjon madaniyat vazirlari mintaqaviy madaniy makonni rivojlantirish, qo'shma festivallar va ko'rgazmalar uyushtirish, moddiy va nomoddiy merosni jahon miqyosida targ'ib etish bo'yicha tashabbuslarini taqdim etishdi.

Diniy sohalar vakillari ishtirokida islomning ma'rifiy missiyasi, yoshlarni bag'rikenglik va insonparvarlik ruhida tarbiyalash, zamon talablariga mos diniy ta'lim tizimini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.

Fanlar akademiyalari prezidentlari uchrashuvida ilmiy hamkorlikning yangi yo'nalishlari, qadimiy qo'lyozmalarni o'rganish va arxeologiya hamda tarix sohalarida qo'shma loyihalarni amalga oshirish masalalariga e'tibor qaratildi.

Milliy muzeylar rahbarlari ishtirokida muzey faoliyatini raqamlashtirish, ekspozitsiya yaratishda zamonaviy yondashuvlarni joriy etish va professional tajriba almashish tashabbuslari muhokama qilindi.

Milliy kinoagentliklar rahbarlari bilan bo'lib o'tgan muhokamalarda kino san'atini rivojlantirish, buyuk tarixiy shaxsiyatlar va madaniy meros haqida qo'shma filmlar yaratish hamda yosh rejissyorlarni qo'llab-quvvatlash bo'yicha kelishuvlarga erishildi.

Birinchi kunning markaziy mavzularidan biri yoshlar siyosati bo'ldi. Yoshlarni ma'naviy yetuklik, vatanparvarlik va ijodkorlik ruhida tarbiyalash, ularning jamiyat hayotida faol ishtirokini rag'batlantirish masalalari muhokama etildi.

Badiiy akademiyalar rahbarlari san'at va dizayn sohasida hamkorlikni kengaytirish, ijodiy ta'lim tizimini takomillashtirish va zamonaviy badiiy makonni shakllantirish istiqbollarini muhokama qildilar.

Yozuvchilar uyushmalari rahbarlari adabiy aloqalarni mustahkamlash, badiiy tarjima maktablarini qayta tiklash va yosh ijodkorlarni qo'llab-quvvatlash tashabbuslarini ilgari surdilar.

Milliy kutubxonalar rahbarlari ishtirokida raqamli kutubxona platformalari yaratish, noyob qo'lyozmalarni raqamlashtirish va axborot resurslari almashinuvini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Bu muhokamalar Markaziy Osiyo va Ozarbayjon xalqlari o'rtasida ma'naviy hamkorlikning yangi sahifasini ochdi. O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo'lib o'tgan kongress mintaqaning tarixiy birligini, madaniy merosining boyligini va ma'rifiy salohiyatini yana bir bor namoyon etdi. Taklif etilgan g'oya va tashabbuslar barqaror taraqqiyot, o'zaro hurmat va ma'naviy yuksalish uchun asos bo'lib xizmat qiladi.

Kongress dasturi doirasida quyidagi tadbirlar ham o'tkazilmoqda: "Markaziy Osiyo tarixiy merosi: yagona o'tmish – umumiy kelajak" tarixchilar forumi; "Markaziy Osiyo: buyuk o'tmish va buyuk kelajak" badiiy ko'rgazmasi; "Mixxat yozuvidan raqamli arxivlargacha: Markaziy Osiyo kutubxonachiligi istiqbollari"; "Tirik tarix" xalqaro kino forumi hamda "Yoshlar va raqamli davr: qadimiy qo'lyozmalardan sun'iy intellektgacha" mavzusidagi shoʻba yig'ilishlari.

"Markaziy Osiyo: umumiy ma'naviy-ma'rifiy meros – umumiy kelajak" xalqaro kongressi 15 noyabrga qadar davom etadi. Tadbir Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Tashqi ishlar vazirligi, O'zbekiston madaniy merosini o'rganish, saqlash va ommalashtirish bo'yicha butunjahon jamiyati (WOSCU), O'zbekiston Fanlar akademiyasi hamda Markaziy Osiyo xalqaro instituti hamkorligida tashkil etilgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish