Logo

O‘zbekiston va Rossiya TIV rahbarlari Moskvada uchrashdi

Aprel 17, 2026. 19:02 • 2 daq

196
O‘zbekiston va Rossiya TIV rahbarlari Moskvada uchrashdi

TOSHKENT, 17-aprel. /“Dunyo” AA/. Bugun Moskvada O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan muzokara o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Bugun Moskvada Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan samimiy va samarali uchrashuv o‘tkazildi, – deb yozdi O‘zbekiston TIV rahbari o‘zining telegram-kanalida. – Muzokaralar davomida O‘zbekiston–Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik hamda ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish, jumladan, oliy darajada erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosiga alohida eʼtibor qaratildi.

Barcha yo‘nalishlar bo‘yicha aloqalarning jadal rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdik. Tovar ayirboshlash hajmi barqaror o‘sib bormoqda, sanoat kooperatsiyasi doirasida muhim loyihalar amalga oshirilmoqda, madaniy-gumanitar hamkorlik kengaymoqda.

Taʼlim, innovatsiyalar, infratuzilma, hududlararo hamkorlik va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda aloqalarni rivojlantirish jihatlarini ko‘rib chiqdik.

Shuningdek, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida o‘zaro investitsiyalarni rag‘batlantirish va ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish chora-tadbirlarini muhokama qildik.

Mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashdik. Tashqi ishlar vazirliklari o‘zaro manfaatli sheriklikni yanada mustahkamlash yo‘lida izchil hamkorlikni davom ettiradi”.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish