Germaniyadan munosabat: O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026-2027-yillarda ham yuqori o‘sish surʼatlarini saqlab qoladi
Yanvar 17, 2026. 14:40 • 2 daq
• 12
BERLIN, 18-yanvar. /“Dunyo” AA/. Germaniyaning nufuzli “Germany Trade & Invest” tahliliy agentligi (GTAI) eksperti Uve Shtrobax O‘zbekiston iqtisodiyotining navbatdagi ikki yillik istiqbollariga bag‘ishlangan maxsus hisobotini eʼlon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda qayd etilishicha, mamlakatdagi islohotlar kun tartibi va investitsiyaviy faollik iqtisodiy o‘sishning asosiy drayveri bo‘lib xizmat qilmoqda. Nemis ekspertining taʼkidlashicha, O‘zbekiston hukumati va xalqaro moliya institutlari (Xalqaro valyuta fondi, Jahon banki) 2026 va 2027-yillarda Yalpi ichki mahsulotning real o‘sishini 6-7 foiz darajasida prognoz qilmoqda. Bu ko‘rsatkich quyidagi omillar bilan asoslanadi. Xususan, xizmat ko‘rsatish sohasi - 2026-yilda 14 foizlik keskin o‘sish kutilmoqda; sanoat - qayta ishlash tarmog‘ida o‘sish surʼatlari 7-8 foizni tashkil etishi bashorat qilinmoqda; investitsiyalar - asosiy kapitalga yo‘naltirilayotgan mablag‘larning ikki xonali raqamlarda o‘sishi iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini jonlantirmoqda.
Uve Shtrobax o‘z hisobotida O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini alohida qayd etgan. 2025-yil yakuniga ko‘ra, iqtisodiyotga kiritilgan xorijiy investitsiyalar va kreditlar hajmi 2022-yil bilan taqqoslaganda nisbatan 3 baravar ko‘pdir. 2026-yilda esa investitsiyalar hajmi yanada o‘sishi taxmin qilingan va mamlakatga kiritilayotgan jami kapitalning qariyb uchdan ikki qismi xorijiy investitsiyalar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Germaniyalik ekspert O‘zbekistonning qayta tiklanuvchi energiya manbalari (QTEM) sohasidagi muvaffaqiyatlarini asosiy mavzu sifatida yoritgan, yaʼni 2022-yilda QTEM ulushi atigi 7 foiz bo‘lgan bo‘lsa, 2025-yilning 10 oyida bu ko‘rsatkich 23 foizga yetgan, 2030-yilgacha bu ulushni 54 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, nemis mutaxassisi hozirda umumiy qiymati 26 milliard dollarlik 50 ga yaqin “yashil” loyihalar amalga oshirilayotganini qayd etadi.
Hisobotda GFR O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqidagi asosiy savdo sherigi ekani, Germaniya eksporti yana 1 milliard dollarlik ko‘rsatkichdan oshgani aytiladi.
Mutaxassisning xabariga ko‘ra, nemis eksportyorlari uchun farmatsevtika va tibbiyot texnikasi, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati uchun texnologik uskunalar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va sovutish tizimlari, IT-autsorsing sohalari eng istiqbolli deb topilgan.
Uve Shtrobaxning xulosasiga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati monopoliyalarni kamaytirish va xususiylashtirishni jadallashtirish orqali iqtisodiy muhitni sog‘lomlashtirmoqda. Davlat-xususiy sheriklik modeli asosida 2030 yilgacha 30 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish rejasi investorlar uchun uzoq muddatli barqarorlik belgisidir.
Germaniya ekspert doiralarining ushbu ijobiy xulosalari O‘zbekistonning jahon bozoridagi ishonchli sherik sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlaydi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi