Logo

O‘zbekiston va Xitoy arxeologlari qadimiy Quva shahristoni devorlarining ilk qismlarini aniqladilar

Yanvar 17, 2026. 12:37 • 2 daq

27
O‘zbekiston va Xitoy arxeologlari qadimiy Quva shahristoni devorlarining ilk qismlarini aniqladilar
O‘zbekiston va Xitoy arxeologlari qadimiy Quva shahristoni devorlarining ilk qismlarini aniqladilar
O‘zbekiston va Xitoy arxeologlari qadimiy Quva shahristoni devorlarining ilk qismlarini aniqladilar

ISLOMOBOD, 17-yanvar. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “The Nation” gazetasi, “The Diplomatic Insight” jurnali, “The Daily Cpec”, “The World News” va “Pakistan Economic Network” kabi elektron nashrlari O‘zbekiston va Xitoy arxeologlari Quva shahristoni devorlarining qadimiy qismlarini aniqlagani haqidagi maqolalarni eʼlon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ularda Farg‘ona vodiysida O‘zbekiston va Xitoy arxeologlari Quva shahristoniga tegishli qadimiy mudofaa devorlarining izlarini topgani xabar qilingan. Qayd etilishicha, mutaxassislar topilma davrini miloddan avvalgi III asrdan milodiy X asrgacha bo‘lgan oraliqqa mansub, deya baholamoqda.

Maʼlum qilinishicha, topilma «Loyan - Farg‘ona» qo‘shma ekspeditsiyasi ishlari davomida qayd etildi. Ekspeditsiya ishtirokchilariga ko‘ra, bu dalil Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab shakllangan shaharlardan birining tarixiy taraqqiyoti hamda Sharq va G‘arb o‘rtasidagi aloqalarni yoritishda muhim ashyoviy manba bo‘lib xizmat qiladi.

“Quva shahristoni O‘zbekistonning sharqiy qismida joylashgan bo‘lib, maydoni qariyb 110 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Qadimda ushbu hudud Ipak yo‘lining yirik tugunlaridan biri bo‘lgan va ikki ming yildan ortiq vaqt davomida Xitoy bilan muntazam aloqalarni saqlab kelgan. Dastlabki tahlillar mudofaa inshootlari turli davrlarda bir necha bor qayta qurilganini ko‘rsatdi: Parfiya podsholigi, Davon davlati va Sug‘diyona davrlaridan tortib Somoniylar zamonigacha”, deyilgan maqolalarda.

Xitoy tomoni rahbari Lyu Binning taʼkidlashicha, devor qurilishidagi texnologik o‘zgarishlar turli asrlarda qaysi materiallar qo‘llangani va mintaqalar o‘rtasida madaniy almashinuv qanday kechganini anglashga yordam beradi.

Qo‘shma arxeologik guruh 2023-yilda Loyan arxeologiya instituti hamda Farg‘ona davlat universiteti hamkorligida tuzilgan. Hozirgacha hududdan saroylar, shahar darvozalari, devorlar, turar joylar, ko‘chalar va hunarmandchilik ustaxonalari izlari topilgan. Olimlar kelasi yilda saroy majmuasida tizimli qazish ishlarini boshlashni, natijada qadimiy shahar rejasini va uning funksiyalarini to‘liqroq tiklashni rejalashtirmoqda.

“Joriy yilda biz saroy hududida tizimli qazish ishlarini olib borib, qadimiy shaharning to‘liq rejasi va funksional hududlarini yana-da aniqlashni rejalashtiryapmiz”, – deya Lyu Bin so‘zlaridan iqtibos keltirilgan manbalar.


Default Avatar

Material muallifi

Maftuna Rajabbayeva

maftuna@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish