Logo

Ispaniya kompaniyalari O‘zbekistonning sayyohlik bozoriga kirishni rejalashtirmoqda

May 09, 2026. 17:30 • 2 daq

106
Ispaniya kompaniyalari O‘zbekistonning sayyohlik bozoriga kirishni rejalashtirmoqda

MADRID, 9-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Farrux Tursunov Ispaniyaning “Barceló Hotel Group” direktori Raul Gonsales hamda “Ávoris Corporación Empresarial” rahbari Karlos Garrido bilan muzokara o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Barceló Hotel Group” Ispaniyaning eng yirik mehmonxona tarmoqlaridan biri bo‘lib, dunyo bo‘ylab 30 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritadi. Kompaniya 100 yildan ortiq tarixga ega bo‘lib, shahar biznes mehmonxonalaridan tortib kurort majmualarigacha bo‘lgan keng portfelga ega. U “Royal Hideaway”, “Barceló”, “Occidental” va “Allegro” kabi brendlarni o‘z ichiga oladi.

“Ávoris Corporación Empresarial” esa “Barceló” guruhining turizm yo‘nalishidagi tarmog‘i bo‘lib, Yevropa, Yaqin Sharq va Lotin Amerikasi bozorlarida faoliyat olib boradi. Kompaniya turoperatorlar, aviaxizmatlar va turistik xizmatlarni birlashtirgan yirik tarmoq sifatida tanilgan.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Ispaniya o‘rtasida turizm, mehmonxona biznesi hamda turistik infratuzilmaga investitsiya jalb qilish sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Ispaniya tomoni O‘zbekistonning o‘sib borayotgan turistik salohiyati, infratuzilma sohasidagi islohotlar hamda mamlakatning xalqaro jozibadorligi ortib borayotganini yuqori baholadi.

“Ávoris Corporación Empresarial” rahbari Ispaniyadan Toshkent va Urganch shaharlariga “Iberojet” aviakompaniyasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri charter reyslar sonini ko‘paytirishga tayyor ekanini aytdi.

“Barceló Hotel Group” rahbari esa kompaniyaning O‘zbekiston bozoriga strategik kirib kelish konsepsiyasini ishlab chiqish niyati borligini ta’kidladi. U yangi mehmonxonalar qurish, mavjud mehmonxonalarni boshqarish hamda turizm va mehmonxona sohalari xodimlari uchun stajirovka va o‘quv dasturlarini tashkil etish bo‘yicha loyihalarga qiziqish bildirdi.

Muzokaralar yakunida ispan kompaniyalari vakillari yaqin vaqt ichida O‘zbekistonga tashrif buyurib, batafsil muzokaralar o‘tkazish, hamkorlar bilan uchrashish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

Ispaniyaning ushbu nufuzli kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirish O‘zbekistonda ispan mehmonxona brendlari uchun qulay investitsion muhit yaratishga, shuningdek, Yevropa va Lotin Amerikasidan turistlar oqimini oshirishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish