Logo

Pokiston OAV: Milodiy II–III asrlarga oid noyob artefaktlar O‘zbekistonga qaytarildi

May 09, 2026. 15:30 • 2 daq

2
Pokiston OAV: Milodiy II–III asrlarga oid noyob artefaktlar O‘zbekistonga qaytarildi
Pokiston OAV: Milodiy II–III asrlarga oid noyob artefaktlar O‘zbekistonga qaytarildi

ISLOMOBOD, 9-may. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Daily Independent”, “The world News”, “News Network Pakistan”, “Infora News” nashrlarida “Milodiy II-III asrlarga oid noqonuniy olib ketilgan tarixiy boyliklar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga qaytarildi” sarlavhali maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolalarda qayd etilishicha, milodiy II–III asrlarga oid o‘g‘irlangan madaniy boyliklar Yevropa mamlakatlari huquq-tartibot idoralari hamda olimlari ishtirokida o‘tkazilgan keng ko‘lamli tekshiruv natijasida O‘zbekistonga qaytarilgan.

Qadimgi Baktriya va Kushon imperiyalarining markazi bo‘lgan Markaziy Osiyo mintaqasidan noqonuniy olib chiqilgan artefaktlarning bir qismi Buyuk Britaniya poytaxti politsiyasining San’at va antikvariat sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan O‘zbekistonning Londondagi elchixonasiga topshirildi.

Ushbu voqea O‘zbekistonning milliy madaniy merosni qaytarish borasidagi izchil siyosatining yaqqol dalili bo‘lib, butun dunyoda madaniy qadriyatlarni himoya qilish tendensiya kuchayib borayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.

Maqolalarda Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqovning fikrlari ham keltirilgan. Firdavs Abduxoliqov ta’kidlaganidek, mazkur xayrli tadbirlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning madaniy boyliklarni Vatanga qaytarishga qaratilgan izchil siyosati xalqaro miqyosda keng qo‘llab-quvvatlanayotganining amaliy ifodasidir. Shuningdek, bu borada Yevropa mamlakatlari huquq-tartibot idoralari vakillarining ko‘magi alohida e’tirof etilgan.

London politsiyasi detektivi Sofi Xeysning ma’lum qilishicha, 2025-yil noyabr oyida “Inherent Vice” deb nomlangan operatsiya davomida aniqlangan artefaktlar nafaqat O‘zbekiston, balki butun insoniyatning bebaho boyligi hisoblanadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur jarayon milliy va xorijiy mutaxassislar, EXHT va WOSCU ko‘magida amalga oshirilgan.

Jami to‘qqizta eksponat, jumladan, haykal boshlari va gipsli freska parchalari milodiy II–III asrlardan VII asrgacha bo‘lgan davrga oid bo‘lib, muhim tarixiy ahamiyatga ega. Ushbu noyob osori-atiqalarning qaytarilishi nafaqat Yangi O‘zbekistonning muhim yutuqlaridan biri, balki tarixiy merosni asrab-avaylash yo‘lidagi samarali xalqaro hamkorlik natijasidir.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish