Logo

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Guinness World Records rekordiga sazovor boʻldi

Aprel 13, 2026. 15:51 • 4 daq

881
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Guinness World Records rekordiga sazovor boʻldi

2026-yil 13-aprel kuni Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi “Dunyodagi eng yirik Islom sivilizatsiyasi muzeyi”sifatida rasman eʼtirof etilib, Guinness World Records ning nufuzli unvoniga loyiq koʻrildi.

Tantanali taqdirlash marosimi Guinness World Records rasmiy vakili va hakami — Sheyda Subashi ishtirok etib, Markaz barcha xalqaro standartlarga toʻliq javob berishini tasdiqladi.

Tadbirda, shuningdek, loyihani amalga oshirishga salmoqli hissa qoʻshgan meʼmorlar, olimlar, dizaynerlar va quruvchilar ishtirok etdi. Mukofot Markaz Ilmiy kengashi aʼzolariga topshirildi.

Tantanali marosimda Guinness World Records rasmiy vakili Sheyda Subashi shunday taʼkidladi:

Guinness World Records rasmiy vakili sifatida shuni aytishim mumkinki, muzeyning har bir burchagi va taqdim etilgan har bir eksponat oʻziga xos noyoblikka hamda madaniy qiymatga ega. Ushbu majmuani barpo etish ortida yillar davomida olib borilgan keng koʻlamli va mashaqqatli mehnat yotganligi yaqqol koʻrinib turibdi.
Muzeyga tashrif buyurish meni juda hayratda qoldirdi — bu haqiqatan ham chuqur va mazmunli tajriba boʻldi. Tashrif doirasida barcha narsani toʻliq qamrab olishning imkoni boʻlmasada, baholash jarayoni belgilangan tartib-qoidalarga qatʼiy muvofiq ravishda amalga oshirildi. Men tomonimdan rasmiy logbuk (qaydlar daftari)dan foydalanildi, unda har bir eksponat qayd etilib, islom arxeologiyasi, sanʼati va fani sohasidagi mutaxassislar tomonidan tasdiqlandi.
Men amalga oshirilgan ishlar darajasidan chin dildan hayratdaman va ushbu loyihani hayotga tadbiq etishda ishtirok etgan barchaga oʻz minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Bu ulkan saʼy-harakatlar va yuksak professionallik natijasi boʻlgan ulkan yutuqdir. Har bir ishtirokchining hissasi alohida hurmatga loyiq. Guinness World Records tili bilan aytganda, bu — haqiqatan ham hayratlanarli".

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mualliflik megaloyihasi sifatida hayotga tadbiq etilgan ulkan ilmiy-maʼrifiy va muzey majmuasidir. Loyiha 2017-yilda boshlangan boʻlib, 2026-yil 17-martda yakuniga yetdi. U ilmiy salohiyat, madaniy meros va zamonaviy texnologiyalarni yagona makonda birlashtirgan “Yangi Oʻzbekiston”ning noyob madaniy-maʼrifiy platformasi sifatida qad rostladi. Loyiha davlat rahbarining milliy oʻzlikni anglashni mustahkamlash hamda Oʻzbekistonni jahon maydonida Islom sivilizatsiyasining asosiy markazlaridan biri sifatida targʻib qilish borasidagi strategik qarashlarini aks ettiradi.

Loyihaning bosh meʼmori Abduqahhor Turdiyev shunday dedi:

“Markazning oʻziga xosligi shundaki, uning meʼmorchiligi Oʻzbekistonning boy madaniyati va merosini aks ettiradi. Amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli mamlakatimiz oʻzini nafaqat fan va madaniyat markazi, balki sivilizatsiyalararo global muloqotda faol ishtirok etayotgan davlat sifatida namoyon etib, dunyoga ishonch bilan ochilmoqda”.

Bugungi kunda Markaz mintaqaning eng koʻp tashrif buyuriladigan madaniy-ilmiy maskanlaridan biriga aylandi: har kuni unga 5 000 nafargacha kishi tashrif buyurmoqda, bu esa ham Oʻzbekiston fuqarolari, ham xorijiy mehmonlar tomonidan qiziqish yuqori ekanligidan dalolat beradi.

Guinness World Records unvonining berilishi nafaqat loyiha koʻlamining eʼtirofi, balki uni amalga oshirishda ishtirok etgan yuzlab mutaxassislar, olimlar va ekspertlar mehnatiga berilgan yuksak bahodir.

Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov oʻz nutqida shunday taʼkidladi:

“Shubhasiz, ushbu mukofot Oʻzbekiston Respublikasining muhtaram Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mualliflik loyihasiga berilgan munosib eʼtirof va mukofotdir. Muhtaram Prezidentimiz tomonidan faoliyatimiz uchun barcha zarur sharoitlar yaratib berildi va bugungi kunda bizning asosiy maqsadimiz — Oʻzbekistonning boy madaniy merosini saqlash va ommalashtirish, shuningdek, muqaddas Islom dinimizning ezgulik, tinchlik, maʼrifat va bagʻrikenglik dini sifatidagi insonparvar gʻoyalarini targʻib qilishga qaratilgan keng koʻlamli ilmiy-maʼrifiy loyihalarni amalga oshirishda ushbu salohiyatdan samarali foydalanishdir”.

Guinness World Records maqomining olinishi Oʻzbekistonning Islom fani, madaniyati va maʼrifatining muhim turistik va tarixiy markazlaridan biri sifatidagi rolini mustahkamlaydi. Bu, shuningdek, Markazning oʻzaro hurmat, bagʻrikenglik va madaniy xilma-xillik tamoyillariga asoslangan sivilizatsiyalararo muloqotning zamonaviy platformasi sifatidagi ahamiyatini tasdiqlaydi.

Default Avatar

Material muallifi

Shahzoda Kuchkarova

shahzoda@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish