O‘zbekiston va Pokiston to‘qimachilik sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi
Aprel 13, 2026. 18:00 • 2 daq
• 105ISLOMOBOD, 13-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokiston Trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari va eksportchilari uyushmasi raisi Tariq Mahmud Bhatti bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot davomida tomonlar ikki tomonlama aloqalarni jadallashtirish yo‘llarini, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish va ishlab chiqarishga innovatsion yechimlarni joriy etish masalalarini ko‘rib chiqdilar. Tayyor mahsulotlarni tashqi bozorlarga olib chiqish uchun yangi kanallar yaratish hamda qo‘shilgan qiymat zanjirini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Diplomat mamlakatimizda g‘o‘za yetishtirishdan tortib, tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq siklning qamrab olinishiga qaratilgan islohotlar haqida batafsil maʼlumot berdi. Suhbat davomida O‘zbekiston Prezidentining 2025-yil 16-yanvardagi yengil sanoatda qayta ishlash quvvatlarini rivojlantirishga doir farmonining ahamiyati taʼkidlandi.
Ushbu hujjat mahalliy brendlarning xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlashga zamin yaratib, sohaning xorijiy kapital uchun jozibadorligini sezilarli darajada oshirdi. Chet ellik sheriklarga yurtimizda amal qilayotgan soliq va bojxona imtiyozlari haqida ham so‘zlab berildi.
O‘z navbatida, Tariq Mahmud Bhatti Pokiston ishbilarmon doiralari O‘zbekiston bozoriga uning qulay geografik joylashuvi va ishonchli investitsiya muhiti sababli katta qiziqish bildirayotganini qayd etdi. U to‘qimachilik industriyasi mintaqa iqtisodiyotining asosiy drayverlaridan biriga aylanganini urg‘uladi. Uyushma aʼzolari poliester va sunʼiy tolali gazlamalar ishlab chiqaruvchi korxonalar tashkil etishga sarmoya kiritish, shuningdek, mavjud ishlab chiqarish maydonlarini modernizatsiya qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Uchrashuv yakunida Pokiston delegatsiyasining O‘zbekistonga amaliy tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Safar dasturidan tegishli idoralar vakillari bilan uchrashuvlar, tadbirkorlar bilan “B2B” formatidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar hamda yirik sohaviy klasterlar faoliyati bilan tanishish o‘rin oladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi

