ADPI pedagoglari Qirg‘iz–o‘zbek xalqaro universiteti faoliyati bilan tanishdi
Dekabr 07, 2025. 10:22 • 2 daq
• 59O‘Sh, 7-dekabr. /“Dunyo” AA/. Qirg‘iz–o‘zbek xalqaro universitetida “Buyuk ipak yo‘li – musiqa orqali birlik” shiori ostida madaniy-maʼrifiy tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu tadbirda Andijon davlat pedagogika instituti (ADPI) vakillari, Bosh konsulxona xodimlari hamda O‘sh shahridagi o‘zbek tilida taʼlim beriladigan maktab o‘qituvchi va o‘quvchilari ishtirok etdi.
Dastlab, ADPI pedagoglari Qirg‘iz–o‘zbek xalqaro universitetining o‘quv jarayonlari, ilmiy-texnikaviy imkoniyatlari, laboratoriya va ijodiy ishlar studiyasi faoliyati bilan tanishtirildi.
Akademik va madaniy yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni kengaytirish, o‘zaro talabalar almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashildi.
Kunning ikkinchi yarmida universitetning faollar zalida Andijon davlat pedagogika institutining “Afsona” simfonik orkestri tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.
Konsert dasturining ochilish marosimida so‘z olgan Qirg‘iz-o‘zbek xalqaro universiteti rektori Abdilbayet Mamasidiqov so‘nggi yillarda Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi faol hamkorlik aloqalariga to‘xtaldi.
“O‘zbek va Qirg‘iz xalqlarini umumiy tarix, madaniyat va insonparvarlik qadriyatlari kabi oliyjanob rishtalar bog‘lab turadi. Bugungi kunda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlar jadal rivojlanib bormoqda. So‘nggi yillarda davlat rahbarlarimizning siyosiy irodasi va o‘zaro do‘stona munosabatlari tufayli barcha sohalarda, jumladan, madaniyat va sanʼat sohasida ham yangi imkoniyatlar yaratilmoqda. Albatta, qo‘shma festivallar, konsertlar, bugungi kabi ijodiy almashinuvlar – buning yorqin isbotidir” – dedi u.
Tadbir yakunida mehmonlarga universitet rahbariyatining tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi. Bu kabi madaniy tadbirlarni kelgusida Andijon viloyatida ham o‘tkazishga kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




