Mintaqaviy o‘ziga xoslikni mustahkamlash – Markaziy Osiyoning mustaqil, barqaror va taʼsirchan makon sifatidagi kelajak poydevoridir
Yanvar 04, 2026. 11:21 • 2 daq
• 586
TOSHKENT, 5-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Neʼmatov “Dunyo” AA muxbiriga bergan intervyusida Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun 2025-yildagi eng muhim voqealarni sanab o‘tdi:
– Men Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuviga O‘zbekistonning raislik qilganini eng muhim voqea, deb hisoblayman. Bu voqea yanada yaqin hamkorlik trendini hamda mamlakatlarning birgalikda harakat qilish, umumiy kelajak uchun masʼuliyatni o‘z zimmasiga olish, mintaqa manfaatlari yo‘lida harakatlarni muvofiqlashtirish va qarorlar qabul qilishga tayyorligini amalda mustahkamladi. Sababi oddiy: mintaqa mamlakatlari hamjihatlikda ishlasa, barcha sezilarli foyda ko‘radi – yirik iqtisodiy loyihalardan tortib, ishonchning mustahkamlanishi va butun mintaqa barqarorligining oshishigacha.
Kelgusi davrda ushbu trayektoriya bo‘ylab harakatni davom ettirish g‘oyat muhimdir. Bunda mintaqaviy o‘zlikni (identifikatsiyani) mustahkamlashni asosiy element, deb bilaman. Bu Markaziy Osiyoni yagona butunlik sifatida ushlab turadigan va uning harakat yo‘nalishini belgilaydigan o‘sha ichki “karkas” (asos)dir. O‘zlik kompas rolini o‘ynaydi: u mamlakatlarga ustuvor yo‘nalishlarni mustaqil belgilash, umumiy maqsadlarni shakllantirish va ochilayotgan imkoniyatlardan maksimal darajada samarali foydalanish imkonini beradi.
Bugungi kunda mintaqaning strategik ahamiyati sezilarli darajada oshdi. Markaziy Osiyo – bu nafaqat umumiy geografik makon, ayniqsa chekka hudud yoki raqobat zonasi emas – u o‘z-o‘zini taʼminlovchi kuch tuguni, tortishish markazi va taraqqiyot istiqbollarini belgilaydigan mustaqil platformadir. Shakllangan va kuchli mintaqaviy o‘zlik mintaqaga strategik subyekt sifatida chiqish, o‘z kun tartibini shakllantirish, saʼy-harakatlarni birlashtirish va barqaror natijalarga erishish imkonini beradi. Bu xavfsizlikni taʼminlash, energetika barqarorligi va ekologik barqarorlikdan tortib, transport logistikasi va sanoat hamkorligigacha bo‘lgan muhim sohalarda kelishilgan holda harakat qilish uchun sharoit yaratadi.
Bugungi kunda mintaqaviy o‘zlikni mustahkamlash – bu shunchaki ramziylik yoki deklaratsiya emas. Bu Markaziy Osiyoning jahon maydonida jarayonlarga taʼsir ko‘rsatishga, kun tartibini shakllantirishga va o‘z strategik manfaatlarini ishonch bilan ilgari surishga qodir bo‘lgan mustaqil, barqaror va nufuzli makon sifatidagi kelajagi poydevoridir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
